Rossiyaning «Aeroflot» aviakompaniyasi 20 maydan boshlab Moskva — Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha parvozlarni tiklamoqda. Parvozlar Airbus A330 laynerlarida ular lizingiga YeI sanksiyalari yumshatilgani ortidan amalga oshiriladi.
Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi Toshkentga tashrifi chog‘ida 200 mln dollargacha kredit ajratilishini ma’lum qildi, O‘zbekiston bilan Afg‘onistonda inklyuziv siyosiy tizimni yaratish va qizlar ta’limini tezroq tiklash, Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha hamkorlik qilish istagini bildirdi. O‘zbekiston Yaponiya sun’iy yo‘ldoshlari va texnologiyalari yordamida iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashishni rejalashtirmoqda.
Samarqand viloyatidagi 60 o‘rinli ma’muriy tartibda hibsga olingan shaxslarni saqlash uchun maxsus qabulxonada 161 kishi saqlanayotgani aniqlandi. Ombudsmanning mintaqaviy vakili tomonidan saqlanuvchi shaxslarning yashash va mehnat sharoitlari o‘rganildi. Ularning bir kunlik daromadi o‘rtacha 40 500 so‘mni tashkil qiladi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri v. b. Vladimir Norov va Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev telefon orqali muloqotda chegaradagi otishmani muhokama qildi.
Yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning doimiy aholisi 130 ming kishiga ko‘payib, 35,4 mln kishiga yetdi. Yil davomida o‘zbekistonliklar soni 738,3 ming kishiga yoki 2,1 foizga o‘sdi. Yilning dastlabki uch oyida tug‘ilishlar soni keskin — 13,4 foizga o‘sdi, o‘lim darajasi esa 0,5 foizga oshdi va koviddan avvalgi ko‘rsatkichdan yuqoriligicha qolmoqda.
O‘zgidromet kuchli yomg‘irlar tufayli dushanbadan-jumagacha respublikaning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
Qibray tumanida davlat notarial idorasi notariusi ruhiy-asab kasalliklari dispanserida davolanayotgan shaxsning uyini sotib yuborganlikda gumon qilinmoqda.
10−25 sentabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahri mezbonlik qilishi rejalashtirilgan XIX Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari mamlakatdagi COVID-19 bilan bog‘liq murakkab epidemiologik vaziyat tufayli bir yilga kechiktirildi.
Bahorda O‘zbekistonda varrak uchirish mavsumi boshlanadi. «Gazeta.uz» fotomuxbiri Yevgeniy Sorochin va fotosuratchi Mirzayor Erkinov Toshkentning eski shaharida varraklar uchirilishini kuzatishdi.
Turkiyaning Outdoor Factory kompaniyasi Toshkentdagi uchta davlat muzeyini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida tendersiz loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va pudrat ishlarini amalga oshirish huquqini qo‘lga kiritdi.Kompaniya «Istiqlol» majmuasi, «Yangi O‘zbekiston» istirohat bog‘i va universiteti, Toshkentning Eski shahar hududidagi sayyohlik markazi va boshqalarni loyihalash va qurishda ishtirok etgan.
DXX o‘zbek chegarachilari 3 nafar qirg‘izistonlikka o‘q uzgani haqidagi xabarlar yuzasidan bayonot berib, ularning chegaradan ko‘p miqdordagi yuklarni noqonuniy ravishda olib o‘tmoqchi bo‘lganini ma’lum qildi. Qoidabuzarlarning bir guruhi harbiy xizmatchilarga qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatgan.
Surxondaryoning Uzun tumanida kuchli yog‘ingarchilik natijasida 40 ga yaqin uy suv ostida qoldi, 230 dan ortiq kishi maktab binosiga vaqtincha joylashtirildi. Hodisa oqibatida jabrlangan va halok bo‘lganlar yo‘q.
Turizm va sport vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Ulug‘bek Azamov AOKA direktorining o‘rinbosari etib tayinlandi.
9 may kuni kechqurun Toshkentdagi «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida «Xotira va qadrlash kuni»ga bag‘ishlangan bayram salyuti tashkil etiladi.
Bir qator oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshkani olib kirish va sotishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi muddati 2022 yil oxirigacha uzaytirildi. Shuningdek, Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlar 2031 yilgacha ayrim soliqlarni 1 foizda to‘laydi.
Dam olish kunlari O‘zbekistonning katta qismida quruq va juda iliq ob-havo bo‘lishi, havo harorati +30…+35 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda. 9-may kuni Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda yomg‘ir yog‘adi. 10-mayda esa respublika bo‘ylab kuchli jala quyishi mumkin, harorat esa +23…+28 darajagacha pasayadi.
Markaziy bank prezident Shavkat Mirziyoyev shaxsiga bag‘ishlangan qimmatbaho metallardan tayyorlangan tangalar yoki banknotlarni muomalaga chiqarmaganligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘izistonning uch fuqarosiga qarshi qurol ishlatgani aytilmoqda. Qirg‘iziston chegara xizmati fuqarolarning barchasi olgan jarohatidan vafot etganini ma’lum qildi. Ikki davlat vakillari vaziyatga oydinlik kiritish uchun uchrashgan. Voqea yuzasidan tergov davom etmoqda.
2021 yildagi moliyaviy hisobotlar tahliliga ko‘ra, «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» eng ko‘p sof foyda (10 639,8 mlrd so‘m) olgan va eng ko‘p dividend (9,5 trln so‘m) to‘lagan korxona deb topildi. «O‘ztransgaz» esa eng ko‘p zarar (2,5 trln so‘m) ko‘rgan tashkilot bo‘ldi. Davlat ishtirokidagi 20 ta zarar ko‘rib ishlagan tashkilotlar orasida ikkita futbol jamoasi ham bor.
“O‘zbekiston temir yo‘llari” Qamchiq dovonida sodir bo‘lgan sel oqibatida ketma-ket ikkinchi kun Farg‘ona vodiysiga harakatlanuvchi poyezdlar qatnovi to‘xtatilganini ma’lum qildi. 6 mayga mo‘ljallangan chiptalar puli yo‘lovchilarga 100 foiz qaytarib beriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting