Toshkent metropoliteni 15 apreldan aholi qo‘lida qolgan jetonlarni amaldagi yo‘l haqi narxida sotib oladi. Jetonlar kassalarda emas, balki Toshkent metropoliteni DUK binosida qabul qilinadi.
O‘zbekiston BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining Rivojlanish maqsadlarida fan va texnologiyalar masalalari bo‘yicha komissiyasi a’zosi etib saylandi. Komissiya dolzarb ilmiy, texnik, innovatsion va muhandislik masalalari bo‘yicha malakali maslahat yordamini ko‘rsatish uchun tashkil etilgan.
Ukrainadan Ruminiyaga gumanitar yo‘lak orqali qochib o‘tgan o‘zbekistonlik opa-singillar vatanga olib kelindi. Ularga Turkiyadagi homiylar mablag‘lari hisobidan aviachiptalar xarid qilingan.
«O‘ztransgaz» kompaniyasi 257 mln dollar, shu jumladan «Gazprombank» dan 57,5 mln dollar miqdorida qo‘shimcha qarz mablag‘larini jalb qiladi. Kompaniyaga tabiiy gaz bo‘yicha debitorlik va kreditorlik qarzlarini qisqartirish, davlat korxonasining moliyaviy hisobotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Samarqand viloyatida elektr ta’minoti korxonasi rahbari elektrdan 57 mln so‘m qarzi bor MCHJ egasi tomonidan pichoqlandi. Jabrlanuvchi kasalxonaga yotqizilgan, ahvoli qoniqarli, gumondor esa qamoqqa olingan.
Toshkent hokimi 10 kun ichida asosiy yo‘llardagi chuqurlarni to‘liq bartaraf etish yuzasidan topshiriq berdi. Bunda “shahardagi mavjud barcha texnikalarni” jalb qilish va zarur hollarda kechalari ham ishlash rejalashtirilmoqda. Jahongir Ortiqxo‘jayev aholidan ta’mirtalab ko‘chalar suratlarini “Xalq nazorati” portaliga yuborishni so‘radi.
Hukumat qarori bilan Davlat organlarining vazifalari va funksiyalarini volontyorlik orqali nisbatan samarali va tejamli shaklda amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi namunaviy nizom tasdiqlandi. Unda kimlar volontyor bo‘lishi, qaysi tuzilmalarga volontyorlarni jalb qilish mumkinmasligi belgilandi.
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori oliygoh binosida noqonuniy qurilish qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. U ko‘p asrlik madaniy meros obyekti bo‘lgan universitet binosiga ruxsatsiz o‘zgartirish kiritgan.
XVJ Ukrainadagi urushning salbiy oqibatlari ta’sirini hisobga olgan holda, 2022 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish prognozlarini 6 foizdan 3−4 foizgacha pasaytirganini ma’lum qildi. Shuningdek, joriy operatsiyalar hisobi defitsiti YAIMga nisbatan 9,5 foizgacha o‘sishi, inflyatsiya ko‘rsatkichi 12 foiz darajasida saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.
Yangi yo‘l harakati qoidalarini jamoatchilik muhokamasisiz tasdiqlagan hukumat, O‘zbekistonning Ukraina mojarosidagi pozitsiyasi haqida gapirgan AQSh elchisi, yana sotuvga qo‘yilgan «Sijjak», old o‘rindiqdagi yo‘lovchilarning xavfsizlik kamarini taqishlari shart bo‘lgani, narxi oshib borayotgan oq qog‘oz va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 13 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Buyuk Britaniyaning yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan uch ayol, jumladan Alisher Usmonovning ikki singlisi ham kiritildi. Ularning aktivlari muzlatiladi.
O‘zbekiston Yamanda ikki oylik sulh va o‘t ochishni to‘xtatish e’lon qilinganini olqishlaydi. Tashqi ishlar vazirligi tegishli bayonot bilan chiqdi.
Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining direktori Alisher Inakov matbuot anjumanida Daun sindromi bo‘lgan bolalar «o‘qiy olmasligini» aytdi. Bunday so‘zlar ota-onalar va jamoatchilik faollari noroziliga sabab bo‘lib, agentlikni ular bilan uchrashuv tashkil qilishiga undadi. «Gazeta.uz» kolumnisti Dilmurod Yusupov mazkur vaziyat yuzasidan bolalarning o‘qishga huquqi va amaldorlar so‘zining kuchi yuzasidan shaxsiy fikrini bildirdi.
Buyuk Britaniyaning Toshkentdagi elchisi Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida, uning ta’biri bilan aytganda, «urushda qurol sifatida foydalanilayotgan» Rossiya ommaviy axborot vositalari faoliyatining cheklanishi, shuningdek, Vladimir Putin va uning atrofidagilarga qarshi kiritilgan sanksiyalardan ko‘zlangan maqsad xususida so‘z yuritdi. Rossiya ommaviy axborot vositalari va elchixonasi diplomatni tanqid qilib, mazkur intervyuni «yo‘q joydan shovqin ko‘tarish» deb atadi.
Bu yil ham Qozog‘istonda 7-may — Vatan himoyachilari hamda 9-may — G‘alaba kunlarida harbiy paradlar o‘tkazilmaydi. Lekin butun mamlakat bo‘ylab 50 ga yaqin harbiy-vatanparvarlik tadbirlari tashkillashtiriladi.
Hukumatning 12 apreldagi qarori bilan eski haydovchilik guvohnomasi va «texpasport»ni almashtirish muddati 1 yilga uzaytirildi. Uning muddati haydovchilik guvohnomasi va ro‘yxatga olish guvohnomasi berilgan yilga bog‘liq. Agar ular 2010 yilgacha berilgan bo‘lsa, 2023 yil 31 martgacha almashtirilishi kerak.
O‘zbekistonning yangi Yo‘l harakati qoidalarida yo‘llarga ruxsatsiz sun’iy to‘siqlar o‘rnatish taqiqlandi. Odatda ularni fuqarolar va kompaniyalarning o‘zlari o‘rnatardi. Chunki mas’ul organlar piyodalarni himoya qilish uchun buni bajarishmaydi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonlik tumanidagi «Sijjak» dam olish maskani yana sotuvga qo‘yildi. Xaridor oromgohda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishi kerak.
Vazirlar Mahkamasi yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalarini jamoatchilik muhokamasisiz tasdiqladi. Bunga prezidentning 17 martdagi farmoni bilan muhokamaga qo‘yiladigan hujjatlar tasnifiga kiritilgan o‘zgartirish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, endi faqatgina muhim hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Oldingi tartibga ko‘ra, barcha hujjatlar loyihalari muhokamaga qo‘yilishi shart edi.
Hukumat qarori bilan endilikda haydovchi YPX xodimining dislokatsiya ko‘chirmasi bilan o‘sha joyning o‘zida tanisha olmaydi. Buning o‘rniga haydovchi saf bo‘limidan yozma ma’lumot talab qilishi mumkin. Shuningdek, body camera`si bor YPX xodimi haydovchining mastlik holatini alkotester yordamida hodisa joyida o‘zi aniqlashi va bayonnoma rasmiylashtirishi mumkin.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting