Toshkent viloyatining Bo‘stonlik tumanidagi «Sijjak» dam olish maskani yana sotuvga qo‘yildi. Xaridor oromgohda sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirishi kerak.
Vazirlar Mahkamasi yangi tahrirdagi Yo‘l harakati qoidalarini jamoatchilik muhokamasisiz tasdiqladi. Bunga prezidentning 17 martdagi farmoni bilan muhokamaga qo‘yiladigan hujjatlar tasnifiga kiritilgan o‘zgartirish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Unga ko‘ra, endi faqatgina muhim hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yiladi. Oldingi tartibga ko‘ra, barcha hujjatlar loyihalari muhokamaga qo‘yilishi shart edi.
Hukumat qarori bilan endilikda haydovchi YPX xodimining dislokatsiya ko‘chirmasi bilan o‘sha joyning o‘zida tanisha olmaydi. Buning o‘rniga haydovchi saf bo‘limidan yozma ma’lumot talab qilishi mumkin. Shuningdek, body camera`si bor YPX xodimi haydovchining mastlik holatini alkotester yordamida hodisa joyida o‘zi aniqlashi va bayonnoma rasmiylashtirishi mumkin.
AQSh elchisi Deniyel Rozenblyum O‘zbekistonning Ukraina mojarosidagi pozitsiyasini tushunishini ma’lum qildi. «Rossiya bilan ham, Ukraina bilan ham chuqur tarixiy va muhim rishtalarga ega. Manfaatlar bois O‘zbekiston muvozanatli yo‘l tutishga majbur… O‘zbekiston birontasining yonini olmayapti», — dedi u.
Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson 2020-yilda karantin qoidalarini buzganligi uchun jarimaga tortildi. U mamlakat tarixida qoidabuzarlik uchun jazolangan birinchi bosh vazirga aylandi. Shuningdek, bosh vazirning rafiqasi va g‘aznachilik kansleri ham ushbu ish yuzasidan jarima to‘lagan.
Aleksey Xen Toshkent hokimining axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. U o‘zi ishlab kelayotgan Raqamli rivojlanish departamentiga rahbar bo‘ldi.
12 aprel kuni kechqurun Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida chegarachilar o‘rtasida otishma sodir bo‘ldi. Tojikiston tomoni bir kishi, qirg‘izistonlik ikki nafar yarador haqida xabar berdi. Kechasi tomonlar kelishuv bo‘yicha kelishib olishgan, hozirda vaziyat barqaror.
Innovatsion rivojlanish vazirligi hukumatda bosh vazir o‘rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov rahbarlik qilayotgan tizimga o‘tkazildi. Bunga qadar vazirlik bosh vazir Abdulla Aripov to‘g‘ridan-to‘g‘ri rahbarlik qilgan kompleksda edi.
Ukraina xavfsizlik xizmati Putinga yaqin deb hisoblangan oligarx, Rossiyaparast “Muxolifat platformasi — Hayot uchun” partiyasi rahbari Viktor Medvechukni qo‘lga oldi. U mamlakatdan chiqib ketishga uringan vaqtda ushlangan. Vladimir Zelenskiy Rossiyaga uni ukrain asirlariga almashtirishni taklif qildi.
1 maydan boshlab avtomobilning old o‘rindig‘ida o‘tirgan yo‘lovchilar xavfsizlik kamarini taqib olishlari shart bo‘ladi. Orqa o‘rindiqlarda xavfsizlik kamarini taqish va maxsus bolalar o‘rindig‘idan foydalanish tavsiya sifatida qolmoqda.
O‘zbekistonda oq qog‘oz narxi o‘rtacha 2 barobarga oshdi. Bu Rossiya zavodlaridagi oqartirgich importi bilan bog‘liq cheklovlar tufayli qog‘oz narxining oshishi fonida sodir bo‘lmoqda. O‘zbekistonda qog‘oz va karton importining deyarli yarmi Rossiya korxonalariga to‘g‘ri keladi.
Jomboy tumanida fuqaro davlat zaxirasidagi 80 sotix yerni tanishlari orqali boshqa fuqaroga rasmiylashtirib berishiga ishontirgani va buning evaziga 22 ming dollar talab qilgani aytilmoqda. U oldindan 11 ming dollarni olganida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi departamenti bosh direktori maslahatchisi lavozimida ishlagan Ilkka Ryaysyanen mazkur davlatning O‘zbekistondagi elchisi etib tayinlandi.
15 martdan beri Adliya vazirligi tibbiyot va ta’lim sohalari xodimlari manfaati yo‘lida sudlarga salkam 7,2 mlrd so‘mlik da’vo kiritdi. Natijada 5,2 mlrd so‘mlik ish haqi, ustama va boshqa to‘lovlar undirildi, qolaversa, 398 ta shaxs intizomiy, 33 ta shaxs esa ma’muriy javobgarlikka tortildi. Murojaatlarning eng ko‘pi Andijon, Qashqadaryo va Navoiy hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Qolaversa, SSV, Oliy ta’lim, Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirliklari tizimida ham o‘rganishlar olib borilmoqda.
DXX o‘tkazgan tezkor tadbirda samarqandlik ikki fuqaro yonida 1 kgdan ortiq gashish moddasi bilan ushlandi. Ularga narkokurerlik uchun 1 mln so‘mdan berilishi aytilgan. Bundan tashqari, Toshkent shahri, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ham giyohvand moddalar savdosi bilan aloqador bir nechta gumonlanuvchilar qo‘lga olindi.
O‘zbekistonda futbolni sevishadi va ko‘pchilik bolaligidan sevimli jamoasini tanlab, unga ishqibozlik qiladi. Jurnalist Kirill Altman “Qanday qilib futbol muxlisiga aylandim?” loyihasi doirasida nega O‘zbekistonda mahalliy klublarga muxlislik qilinmasligi va futbolda oddiy hisobdan ko‘ra nima jozibaliroq ekanligi haqida gapirdi.
1 iyulga qadar talab yuqori bo‘lgan 120 turdagi dori vositasini mahalliy ishlab chiqaruvchilardan 3 yilga kafolatli xarid qilish bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Buning uchun shu yilning o‘zida 300 mlrd so‘m ajratiladi. Bundan tashqari, dorivor o‘simliklarni yetishtiruvchilarga bir qator imtiyozlar taqdim etish ham rejalashtirilmoqda.
Shukrullo Jahongirov qurilish vazirining yangi o‘rinbosari etib tayinlandi. U bungacha Toshkent shahar hokimligida mutaxassis, Mimar Group kompaniyasida bosh arxitektor bo‘lib ishlagan.
Vazirlar Mahkamasi yangi yo‘l harakati qoidalarini jamoatchilik muhokamasisiz tasdiqladi. Aholi punktlarida standart maksimal tezlik o‘zgarishsiz (70 km/soat) qoldirildi. Respublika komissiyasi uni yirik shaharlarning ma’lum joylarida 60 km/soatgacha kamaytirishi mumkin. Maktablar va bolalar bog‘chalarida tezlik 30 km/soat, aholi turar joylarida 20 km/soatni tashkil etdi.
Buxoroda DXSH asosida yangi aeroport terminali qurilishi, O‘zbekistonning Afg‘onistondagi temir yo‘l liniyasi boshqaruvi huquqidan mahrum bo‘lishi mumkinligi, MIB ishiga aralashganlik uchun belgilangan javobgarlik, 822 ming so‘mgacha bo‘lgan qarzdorlikning ish haqidan undirilishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 12 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting