Prezident farmoni bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi tashkil etildi. Markaz ilmiy ishlanmalar va raqamli texnologiyalarni joriy etish bilan shug‘ullanadi. 2021−2022 yillarda barcha hududlarda agroxizmatlar markazlari ochiladi.
2021 yil 1 martgacha qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan sug‘oriladigan yerlarni foydalanishga kiritish sharti bilan qorako‘lchilik klasterlariga ozuqa uchun yer maydonlari ajratiladi. «Qorako‘lchilik» uyushmasi a’zolariga 3 yil muddatgacha, shu jumladan 1 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar taqdim etiladi.
Janubiy Koreyaning Hanshin Engineering & Construction kompaniyasi O‘zbekistonda uchta loyihani amalga oshirish ustida ishlamoqda. Ularga qiymati 800 mln dollar bo‘lgan golf kompleksi, Kokan city majmuasi va qo‘shma loyiha instituti kiradi.
Qirg‘iziston prezident mamlakatda elektron hujjatlarni rivojlantirish bo‘yicha farmonni qabul qildi. Unga ko‘ra, davlat idoralari qog‘oz shaklidagi hujjatlarni so‘rashni to‘xtatadi. Fuqarolar haydovchilik guvohnomasisiz harakatlanishlari mumkin bo‘ladi.
AQSH Senati Amerika hukumatiga qarshi isyon qo‘zg‘atishda ayblanayotgan sobiq prezident Donald Trampning impichment jarayoni konstitutsiyasiga muvofiqligini tan oldi.
Rossiyada 2020 yilning aprelidan dekabrning ohiriga qadar o‘lim ko‘rsatkichi xaddan tashqari yuqori bo‘lib, 358 ming 257 kishini tashkil etdi. Mamlakat bo‘ylab 98−100% «ortiqcha o‘limlar» koronavirus bilan bog‘ligi aytilmoqda.
2021-yilgi davlat dasturida 31 ta yangi maktab qurish hamda 320 ta maktabni ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Andijon, Nurafshon, Guliston, Navoiy va Termiz shaharlarida Prezident maktablari qurilishi rejalashtirilgan.
Hukumat qarori loyihasida abituriyentlarning kirish imtihonlarida olgan ballariga maktabning so‘nggi 6 yilida olgan baholarining o‘rta arifmetik ko‘rsatkichini qo‘shish taklif etilmoqda. Bu qaror maktabdagi ta’lim sifatini oshirish o‘rniga, «sotib olingan» baholar sonining ko‘payishiga olib kelishi mumkin. Ushbu taklifning tahlili kolumnist Komil Jalilov maqolasida.
Bojxona xodimiga 4 mlrd so‘mlik tovarlarni noqonuniy olib kirish uchun 9400 AQSH dollari miqdorida pora berishga uringan shaxs fosh etildi. Hozirda jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekistonda har yili 1800ga yaqin ayollar bachadon bo‘yni saratoniga chalinadi. Ularning 42 foizdan ortig‘i vafot etadi. O‘limlarning aksariyati tashxisni kech qo‘yish natijasida ro‘y beradi. Bachadon bo‘yni saratonini 99 foiz holatlarja odam papilloma virusi keltirib chiqaradi.
Navoiy viloyatida niqohsiz dunyoga kelgan 3 oylik bolasini 25 ming AQSH dollariga sotgan ayol ushlandi. Bolani sotib olmoqchi bo‘lgan fuqaro chaqaloq uchun shu narxga baholangan ikki xonali uy olib berishni taklif qilgan.
Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha inspeksiya 2020 yilda davlat byudjetiga eng ko‘p tushum keltirgan 10 ta yirik soliq to‘lovchilarni e’lon qildi. Umumiy soliqlarning 63,3%ni to‘lagan yirik kompaniyalar ichida «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» eng ko‘p soliq to‘lagan.
1 martdan boshlab O‘zbekiston fuqarolari ham turistik yig‘im to‘lashni boshlaydi. Hozirda uni faqat xorijiy fuqarolar to‘laydi.
Mo‘ynoqda alohida ekologik qimmatga ega bo‘lgan tabiiy ob’ektlar va majmualarni, hayvonlarning noyob turlarini saqlab qolish maqsadida «Sudoche-Akpetki» davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etildi.
2021-yilgi davlat dasturida O‘zbekistonning 2030-yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasi tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Bu borada prezidentning tegishli qarori loyihasi 1-sentabrga qadar ishlab chiqiladi.
Urganchdan Qarshi va Termizga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Oldinroq, Farg‘onaga ham reys ochilgan edi. Qolaversa, endi Termiz-Qarshi-Xiva, Xiva-Urganch-Nukus va Termiz-Qarshi-Samarqand yo‘nalishlari bo‘yicha doimiy temir yo‘l qatnovi ham amalga oshiriladi.
Navro‘z, Mustaqillik kuni, Yangi yil, Ramazon hayiti va Qurbon hayiti diniy bayramlarini nishonlash davrida qo‘shimcha va ko‘chirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar kamida 3 kun etib belgilanadi.
Martdan boshlab Bahrayn Qirolligi, Qatar, Quvayt, Ummon Sultonligi va XXR, shu jumladan Xitoyning Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etiladi.
Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov xorijlik mehmonlarni kutib olishga jalb qilinayotgan talaba qizlar bo‘yicha munosabat bildirdi. «Nega mening gul qizlarim, gul ko‘tarib chiqishi kerak? U yerga ham o‘zingizni farzandingizni qo‘yib ko‘ring», — dedi vazir. U shuningdek, «bu majburiy mehnatning bir ko‘rinishi» ekanini aytgan.
Farg‘ona viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan Mirzohid Ubaydullayev Farg‘ona shahar hokimi bo‘ldi. Shaharning avvalgi hokimi prezident tanqididan so‘ng ishdan bo‘shatilgan edi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting