Emmanuel Makronning Ostonaga tashrifi chog‘ida strategik minerallar bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi deklaratsiya imzolandi. Qasim-Jomart Tokayev, shuningdek, Qozog‘iston Fransiyaga neft eksportini ko‘paytirishga tayyorligini va uran yetkazib berishda katta imkoniyatlar ko‘rayotganini ta’kidladi.
YUNESKO Buxoroni “Ijodkor shaharlar tarmog‘i”ga kiritdi. 2025-yilda shaharda birinchi zamonaviy dizayn va hunarmandchilik biyennalesi bo‘lib o‘tadi, unda mahalliy hunarmandlar va rassomlar xorijlik hamkasblari bilan tajriba almashishlari mumkin bo‘ladi.
Abduqodir Toshqulov 2021-yilgacha rektorlik qilgan Termiz davlat universitetiga qayta rahbar bo‘ldi. Bungacha u oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2024-yilgi soliq o‘zgarishlariga ko‘ra, bir qator soliq imtiyozlari bekor qilinadi, shakarli gazlangan ichimliklar uchun aksiz solig‘i, shinalar uchun utilizatsiya solig‘i, og‘irligi 10 tonnadan ortiq yuk avtomobillariga yo‘l yig‘imi va boshqalar joriy etiladi.
Sardor Rahimxon “Vaqf” fondi rahbari — xayriya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari etib tayinlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya rahbari Emmanuel Makron bilan ikki tomonlama sammit o‘tkaziladigan Samarqand shahriga bordi.
Farg‘ona viloyati hokimining sobiq o‘rinbosari Iqboljon Ergashev Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.
Misr evakuatsiya qilish uchun G‘azo sektori bilan chegaradagi Rafah nazorat-o‘tkazish punktini ochdi. 400 ga yaqin xorijlik hamda 90 ga yaqin og‘ir yarador hududdan olib chiqilishi kutilmoqda. Bir kun avval Isroil G‘azodagi qochqinlar lageriga aviazarba berishi oqibatida kamida 50 kishi halok bo‘lgandi.
Prezident qaroriga ko‘ra, yoshga doir pensiyalarni proaktiv shaklda tayinlash tartibi joriy etiladi. Bunda, 2025-yil 1-martdan fuqarolarga yoshga doir pensiyalar alohida murojaat talab etmagan holda, Pensiya jamg‘armasining axborot tizimi orqali tegishli ma’lumotlariga asosan tayinlanadi.
Collins English Dictionary tuzuvchilari yil so‘zi sifatida sun’iy intellekt (artificial intelligence)ning qisqartmasi bo‘lgan AI atamasini tanladi. Nepo baby, ultra-processed va debanking so‘zlari ham yil so‘zi uchun da’vogarlar orasida qayd etildi.
Shu kungacha DXX raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan G‘ayratulla Yoziyev O‘zbekiston prezidentining kadrlar siyosati bo‘yicha maslahatchisi birinchi o‘rinbosari etib tayinlandi. Mazkur maslahatchining qolgan o‘rinbosarlari Prezident administratsiyasining yangi tuzilmasi bo‘yicha o‘z lavozimlariga qayta tayinlandi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, endi nikohi FHDYda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosim o‘tkazish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitish ham shunday javobgarlikni keltirib chiqaradi.
O‘zbekiston va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida strategik memorandum imzolandi. Unga ko‘ra, gaz ta’minoti va tashish, shuningdek, uglevodorodlarni geologiya-qidirish hamda qazib olish sohasida hamkorlikni rivojlantirish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekiston uchinchi chorak yakunlariga ko‘ra oltin xarid qilish bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘rinni egalladi. Markaziy bank ushbu davrda 7 tonna oltin sotib olgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekistonning 2024-yilgi davlat budjeti loyihasini e’lon qildi. YAIM o‘sishi 5,6−5,8 foiz, inflyatsiya 8−10 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi chegarasini 3 foiz o‘rniga 4 foiz (52,5 trln so‘m) darajasida tasdiqlash taklif etilmoqda.
1-noyabrdan mahalliy poyezdlar chipta narxlari ko‘tarildi. Xususan, yo‘lovchi poyezdlarida narxlarning tarif qismi 44 foizga, “Afrosiyob” elektropoyezdlariniki esa 60 foizga oshirildi.
O‘zbekistonda ko‘p xotinlikni targ‘ib qilish BHMning 30 baravarigacha (9,9 mln so‘mgacha) jarima yoki 15 sutkagacha qamoq bilan jazolanadigan bo‘ldi. Shuningdek, jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilish va jamoat joylarida yuzni tanib bo‘lmas darajada berkitish ham javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Niyoz Xazratqulov Sirdaryo viloyati Shirin shahriga hokim etib tayinlandi. Shaharning avvalgi hokimi Sarvar Sultonov Mirzaobod tumaniga hokim bo‘lgandi.
Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda O‘zbekistonda 2023-yil 20 ta, 2024-yilda 38 ta kichik va mikro GES qurish rejalashtirilgani, biroq ayrim loyihalar kechikayotgani aytildi. Viloyat hokimlari yaqin oylarda bu yilgi 20 ta stansiya ishga tushirilishi haqida axborot berdi.
Toshkentda Falastinni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha noqonuniy mitingda qatnashgani uchun kamida uch kishi 15 sutkaga hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting