Rossiya Qora dengiz flotining bosib olingan Sevastopoldagi shtab-kvartirasi raketa hujumiga uchradi. Binoning tomi va yuqori qavati vayron bo‘lgan. Rossiya Mudofaa vazirligi hujumda Ukrainani aybladi. Ukraina harbiylari esa ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
Namangan viloyatida 71 nafar bola zaharlanganidan so‘ng O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘rganishlar yakuniga yetguniga qadar tarkibida yod bo‘lgan “Antistrumin” №100 mahalliy dori vositasidan foydalanishga taqiq joriy etildi.
5 ta kinopremera, ochiq osmon ostidagi kinonamoyishlar, “Humo” xokkey klubi matchlari, MotorFest2023 avtofestivali, Geek Con Tashkent festivali, Anhor bog‘ida retro-kecha, plogging-yugurish, konsertlar, ko‘rgazmalar, spektakllar, bolalar uchun tadbirlar va dam olish kunlaridagi boshqa qiziqarli tadbirlar.
O‘zbekiston prezidenti Chust tumanida 70 dan ortiq bolaning zaharlanishi bilan bog‘liq vaziyatdan “qattiq tashvishda”, deya ma’lum qildi uning matbuot kotibi. Davlat rahbari muntazam ravishda vaziyat yuzasidan hisobotlar olib, mas’ullarga alohida nazoratga olish bo‘yicha topshiriqlar bermoqda.
Yangi O‘zbekiston bog‘i`da 16-sentabr kuni Coke Studio Fest bo‘lib o‘tdi. Tadbirda o‘zbek xonandalari bilan bir qatorda Artik va Asti, Andro va DJ Afrojack ham o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.
Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi loyihasi e’lon qilindi. Unda 4 ta harfning shakli o‘zgarishi ko‘zda tutilgan: o‘, g‘, sh va ch. Loyiha bo‘yicha yangi o‘zbek alifbosi 28 ta harf, 1 ta harf birikmasi va tutuq belgisidan iborat bo‘ladi.
O‘zbekiston Markaziy banki tomonidan dollar kursi o‘zining tarixiy maksimal qiymatini yangiladi va 12 200 so‘m chegarasidan o‘tdi. Yil boshidan buyon milliy valyuta 8,6 foizga qadrsizlandi.
Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat tufayli Yerevanda uch kundan beri ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar Armaniston bosh vazirining iste’foga chiqishi va tan olinmagan respublikadan keluvchilar qabul qilinishini so‘ramoqda. Politsiya 80 dan ortiq namoyishchini hibsga olgan.
O‘zbekistonda 1 kVt/soat elektr energiyasi tannarxi 970 so‘mni (2022-yil may oyidan +21,2% oshgan), gazning bir kubometri 1890 so‘mni (+35%) tashkil qilmoqda, deb xabar qildi Energetika vazirligi. Kuni kecha Energetika vaziri bir kVt/soat elektr energiyasi narxi 800 so‘mdan oshganini aytgandi.
Suriyadagi terrorchilik tashkilotiga qo‘shilgan 36 yoshli o‘zbekistonlik erkak uzil-kesil 9 yilga qamaldi. U yaqin do‘stining taklifi bilan xalqaro terroristik tashkilotga qo‘shilgan va bir guruh shaxslarni Suriyaga jo‘natishni tashkillashtirgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev AQShga safari davomida u yerdagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashgandi. Uchrashuvda qatnashgan iqtisodchi Behzod Hoshimov va Botir Qobilov tadbir tafsilotlarini ma’lum qildi. Davlat rahbari ularni kuzatib borishini ta’kidlagan va ularni “ochiq gapirishga” chaqirgan.
22-sentabr kuni Toshkent shahri sudi binosiga bomba o‘rnatilgani haqida ma’lumot tarqaldi. Poytaxt IIBB xavotirga berilmaslikni so‘rab, Toshkent shahri sudi va huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda mashg‘ulotlar o‘tkazilayotganini ma’lum qildi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Oq uyda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Shundan keyin Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Ukrainaga 325 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketi ajratilishini e’lon qildi. Bayden buni “butun dunyodagi mustaqillik va hududiy yaxlitlik uchun kiritilgan sarmoya” deb atadi.
Farg‘ona viloyati Furqat tumanida Xitoy kompaniyasi bilan yillik quvvati 1000 dona bo‘lgan elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, elektromobillarni quvvatlash uskunalarini va elektrobuslarga akkumulyatorlar ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Avgust oyi oxirida Urganch shahridagi mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilarining zo‘rlanishi bo‘yicha ish sudga qaytarildi. Oliy sud saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘shimcha tergov o‘tkazilganiga qaramay, sobiq amaldorlarga qo‘yilgan ayblovlar o‘zgarishsiz qoldi.
Toshkent aeroportida taksi xizmati uchun joylar texnik shartlarga qo‘shimchalar va tushuntirishlar kiritilgani sababli qaytadan kimoshdi savdosiga qo‘yildi. Har uchala lot bo‘yicha savdolar 3-oktabr kuni E-auksion.uz saytida bo‘lib o‘tadi.
Bir qismi O‘zbekistonga o‘tgan Kampirobod suv omboridan Farg‘ona shahriga toza ichimlik suvi tortib kelinadi. Bu bo‘yicha kelishuvga Farg‘ona viloyati hokimining Xitoyga tashrifi davomida erishildi.
Madaniy meros agentligi yagona mulkiy majmua sifatida savdoga chiqarilishi aytilgan “Sharq” va O‘zA binolari madaniy meros obyekti ekanini va xususiylashtirish mumkin emasligini ma’lum qildi. Ularni auksiondan olib tashlash bo‘yicha Davaktiv agentligiga ogohlantirish berildi.
Shanba va yakshanba kunlari havo kam bulutli va quruq bo‘lishi kutilmoqda. Harorat kechalari +11…+16 darajani tashkil etadi, kunduzi +25…+30 darajagacha isiydi.
Toshkent metropolitenining Buyuk ipak yo‘li bekatida yuzni skaner qilish (Face ID) orqali yo‘lkirani to‘lash tizimi ishga tushdi. Undan foydalanish uchun ATTO ilovasida yuzni skanerlab, ro‘yxatdan o‘tish kerak. Sinov muvaffaqiyatli o‘tsa, boshqa bekatlarda ham bu tizim paydo bo‘ladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting