Prezident saylovi kampaniyasiga start berilgani, prezidentga murojaat yo‘llagan nashida ortidan qamalgan talabaning onasi, YeIning “qora ro‘yxati”ga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zbek kompaniyalari, Chimyon xalqaro kurortini quradigan Fransiya kompaniyasi va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Korxonalar bilan malakali ishchilar tayyorlash bo‘yicha shartnomalar tuziladi. Prezident kredit va subsidiyalar ajratish tartibini o‘zgartirish bo‘yicha topshiriq berdi.
Nashida yuborishi ortidan 3 yilga qamalgan talaba Jahongir Ulug‘murodovning onasi prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi. “Nashida mumkinmasligi nega televizorda aytilmaydi, biz qayerdan bilamiz u nashida ekanini?” deya savol bilan yuzlandi Gulchehra Umarova va o‘g‘liga yana bir imkon berishlarini so‘radi.
“Yuksalish” harakati Bosh prokuratura aralashuvidan keyin yopilgan, bayroq rangli tasma taqqan yigit bilan bog‘liq ish tafsilotlarini oshkor qilishga chaqirdi. Noqonuniy talab qo‘ygan IIB xodimlari va noqonuniy qaror qabul qilgan sud harakatlariga qanday baho berildi? — deb so‘radi harakat raisi.
Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilmagani uchun” barcha o‘rinbosarlariga ogohlantirish berdi. Shuningdek, qator hududlarda tuman hokimlari o‘rinbosarlari va tashkilot rahbarlariga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanadigan bo‘ldi.
Bo‘stonliq tumanida Fransiya kompaniyasi tomonidan Chimyon xalqaro umummavsumiy kurorti quriladi. Unda XXL Zip line, Alpine coaster, Adventure tower, Tubing, Via ferrata kabi 20 dan ortiq turdagi qishki va yozgi attraksionlar tashkil etiladi. Kurort yiliga 3,1 million kishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Yevropa Ittifoqi davlatlari Rossiyaning Ukrainadagi urushi munosabati bilan yangi sanksiyalarni muhokama qilmoqda. Reuters insayderlariga ko‘ra, Rossiyaga kiritilgan sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam beradigan Xitoy, Eron, Qozog‘iston va O‘zbekiston kompaniyalari qora ro‘yxatga kiritilishi mumkin.
Toshkent viloyati IIBB 21 yoshli yigit nashida uchun 3 yilga qamalgani bo‘yicha aytilayotgan ayrim fikrlar noxolisligi, tergov idoralari ishni to‘g‘ri malakalaganini bildirdi. U Suriyadagi “Tavhid va jihod katibasi” terror tashkiloti ma’ruzalarini tinglab, ularning g‘oyaviy ta’siriga tushgan, deyiladi xabarda.
Boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi JCHda o‘zbekistonliklar hisobida yana 9 ta g‘alaba va bitta mag‘lubiyat bor. 11 nafar bokschi yarim final yo‘llanmasi uchun kurashmoqda.
Nukus voqealari bo‘yicha “Alg‘a Qaraqalpaqstan” partiyasi yetakchisi Amanbay Sagidullayev (Norvegiyada yashaydi) va Qozog‘istondagi qoraqalpoq diasporasi vakili Niyetbay Urazbayev aybli deb topilib, sirtdan mos ravishda 18 va 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Uzcard va Humo to‘lov tizimlari bankomatlarini integratsiya qilish bo‘yicha texnik ishlar yakunlandi. 1-iyundan boshlab tijorat banklari bilan kelishilgan jadvalga muvofiq barcha bankomatlarni bosqichma-bosqich ulash boshlanishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari korpusini shakllantirish uchun majoritar-proporsional (aralash) saylov tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan prezident saylovi kampaniyasi 10-maydan boshlandi. MSK saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha Kalendar rejani tasdiqladi. Unga ko‘ra prezidentlikka nomzodlarni ro‘yxatga olish 6-iyungacha amalga oshiriladi.
Xalqaro velosport musobaqasi o‘tkazilishi munosabati bilan 10−11−13−14-may kunlari soat 08:00 dan 17:00 ga qadar Bo‘stonliq va Yuqori Chirchiq tumanlaridan o‘tgan avtomobil yo‘llarida harakatlanish to‘xtatildi. Ro‘yxat.
O‘zbekistonda antidoping nazorati va monitoringi raqamlashtiriladi. Bunda doping-test nazoratini tashkil qilish, sportchilar ma’lumotlari kiritiladigan onlayn tizim, shuningdek, antidoping ta’lim elektron platformasi yaratish, Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish platformasini joriy etish ko‘zda tutilgan.
Koson tumanidagi mahallarning biridagi xonadonda yong‘in sodir bo‘ldi. Uning oqibatida xonadon egasining turmush o‘rtog‘i kuyish tan jarohati olishi oqibatida voqea joyida vafot etdi.
Tijorat banklari 10-may kuni aholidan 1 AQSh dollarini 11 380 — 11 420 so‘mdan sotib olmoqda, sotuv kursi esa 11 440 — 11 490 so‘m.
Paxtachi tumanidagi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida texnika xavfsizligi qoidalari buzilishi oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Hodisa tufayli, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 3 ta Isuzu yonib zararlandi, 1 kishi jarohat oldi.
Ukraina Tashqi ishlar vazirligi MDH davlatlari rahbarlarining Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etganini xalqi “yashab qolish va ozodlik uchun kurashayotgan Ukrainaga nisbatan nodo‘stona qadam” deb atadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari, shuningdek, Armaniston bosh vaziri bilan birgalikda Moskvadagi G‘alaba paradida ishtirok etdi. Noma’lum askar qabriga gulchambar ham qo‘ydi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting