Shaxmat olimpiadasining yettinchi turida O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi Peru ustidan g‘alaba qozonib, ikkinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Jamoa hali turnirda mag‘lub bo‘lmagan beshta davlatdan biri bo‘lib turibdi. Ayollar terma jamoasi esa Serbiyaga imkoniyatni boy berdi.
O‘zbekiston TIV Londondagi Ozarbayjon elchixonasiga uyushtirilgan hujumni qat’iy qoraladi. Hujumchilar Ozarbayjon bayrog‘ini yirtib tashlagan va binoga arabcha yozuvlar yozib qo‘ygan. Sakkiz kishi hibsga olingan.
Bolgariyada bo‘lib o‘tayotgan taekvondo WT bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida o‘zbekistonlik Marjona Xudoyqulova hamda Nazarali Nazarov kumush, Gulshanoy Ismoilova esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Issiq dam kunlari, soliq maslahatiga oid yangi qonun, Navoiyda ochiladigan Xalqaro shaxmat maktabi, deputatlar oldida hisobot beradigan IIB boshliqlari, Nukusdagi holat haqidagi «Gazeta.uz» maqolasini «yolg‘on» degan deputat, asorat bilan tug‘ilayotgan chaqaloqlar va boshqalar — «Gazeta.uz» da kun dayjesti.
Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanida to‘xtatilgan Damas avtomobilida 18 nafar yo‘lovchi — kattalar va bolalar olib ketilayotgani aniqlandi.
Qirg‘izistonda deputat hukumatdan O‘sh aeroportida taksichilar ustidan shikoyat qilayotgan o‘zbekistonlik yo‘lovchilarning tranziti uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni so‘radi. «O‘zbekiston fuqarolari O‘sh orqali o‘zlariga xush kelganidan uchib o‘tayotgani yo‘q. Shunda chipta 150 dollarga arzonroq bo‘ladi», — deydi u.
Prezident qaroriga ko‘ra, Navoiydagi “To‘dako‘l” dam olish bazasida Xalqaro shaxmat maktabi tashkil etiladi. Qolaversa, 2023-yildan boshlab har yili mukofoti 50 ming dollarlik “Women's Chess Championship” xalqaro turniri hamda “Uzbekistan Chess Open” xalqaro turniri o‘tkaziladi.
Toshkentning Abdulla Qodiriy ko‘chasida Lacetti avtomobili haydovchisi bir insonni urib yubordi. Piyoda voqea joyida vafot etgan.
Davlat xizmatchilari daromadlarini deklaratsiya qilishga oid tizim va qonun loyihasi allaqachon tayyor, dedi Antikorrupsiya agentligi rahbari. U keyinroq qonun loyihasi xalqaro tashkilotlar e’tirozi tufayli takomillashtirilayotganini aytdi. Prezident farmoniga muvofiq, tizim 1 yanvardayoq ishga tushishi kerak edi.
O‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, 39 foiz yoshlar pora berishni korrupsiya deb hisoblamaydi, dedi Antikorrupsiya agentligi rahbari. Senator Mahmud Parpiyevning aytishicha, bu korrupsiyaga qarshi kurashda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ko‘plab ishlardan dalolat beradi.
Prezident qarori bilan xalqaro nufuzli musobaqalarda sovrindor bo‘lgan sportchilarga pul mukofotlari beriladi. Jumladan, Butunjahon shaxmat olimpiadasi g‘olibi — 600 mln so‘m bilan mukofotlanadi. Qolaversa, sovrindorlarning trenerlari ham shogirdi mukofotining yarmiga teng miqdorda pul oladi.
«Soliq maslahatiga oid faoliyat to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Unga ko‘ra, soliq maslahatchisi mijozga soliqlar va yig‘imlarni hisoblash, to‘lash, hisobot tayyorlashda ko‘maklashishi, qolaversa, sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarda vakil sifatida qatnashishi mumkin. Yangi tartib oktabrdan kuchga kiradi.
Hokimiyatlarga 2024 yil 1 yanvarga qadar ko‘p kvartirali turar-joy binolari va unga tutash yer uchastkalarini doimiy foydalanish huquqi asosida uy egalariga notijorat maqsadlarda foydalanishga topshirish vazifasi yuklatildi.
Senat hududiy ichki ishlar boshqarmalari rahbarlarining har chorakda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy kengashlarga hisobot taqdim etishi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi. Shuningdek, tuman va shahar IIB boshliqlari ham (har chorakda) va ularning o‘rinbosarlari (har oyda) hisobot beradi.
Dam olish kunlari mamlakat bo‘ylab quruq va biroz issiq ob-havo kuzatiladi, ayrim tog‘li hududlarda momaqaldiroq bilan qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘adi.
Hukumat qarori bilan davlat faqat birgina holatda — voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan shaxs o‘rniga alimentni to‘lab beradi. Mablag‘ni Aliment to‘lovlari jamg‘armasi ajratadi. Keyinchalik MIB qarzdordan ushbu mablag‘ni undirib oladi.
Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganish bo‘yicha parlament komissiyasi a’zosi Alisher Qodirov «Gazeta.uz» Nukusdan tayyorlagan reportajni yolg‘on deb atadi va «oldi-qochdi talqinlarga» ishonmaslikka chaqirdi.
Termizda O‘zbekiston va Tojikistonning «Hamdo‘stlik-2022» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlandi.
Senatda Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxonov 2021 yilda sog‘liqni saqlash tizimi eng korrupsiyalashgan soha bo‘lganini ma’lum qildi. SSV rahbari esa buni «katta raqamlar ortidan quvish» deb atadi va sudda o‘z tasdig‘ini topganini shubha ostiga oldi. Tanzila Narbayeva bahsga aralashishga majbur bo‘ldi.
Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida xodim o‘ziga benzin sepib, yoqib yubordi. FNQIZ bunga u ishdan bo‘shatilgani sabab bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etib, shu kuni xodimning yonida ruxsatnomasi bo‘lmaganligi uchun ishga kiritilmaganini ma’lum qildi. Korxona unga yordam ko‘rsatmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting