Shaxmat olimpiadasida g‘olib bo‘lgan O‘zbekiston, turnir chempionlarini telefonda tabriklagan prezident, 16,5 yilga qamalgan bloger Asalhoney`ning qotili, kollej va texnikumlarga qabul kvotalari, Muqimiy ko‘chasidagi yong‘in, Toshkentda boshlangan ekologik reyd va boshqalar — «Gazeta.uz» da kun dayjesti.
Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev sobiq Milliy bog‘ hududida joylashgan plyajli ko‘l 15 avgust kuni ochilishini ma’lum qildi. «Gazeta.uz» fotomuxbiri bog‘da bo‘lib, qurilish ishlarining borishi bilan tanishdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev telefon orqali O‘zbekiston shaxmatchilarini Hindistonda o‘tkazilgan shaxmat Olimpiadasidagi g‘alabasi bilan tabrikladi. Davlat rahbari matbuot xizmati suhbat videosini e’lon qildi.
Toshkentda ilk bor maktab va bog‘chalar oldida transport oqimini sokinlashtirish dasturi tayyorlanmoqda. Maslahatchilar — Arkadiy Gershman va Aleksandr Devyatkin. Birinchi bosqichda tez va arzon yechimlar: belgilar, ustunchalar, notekisliklar qo‘llaniladi. Loyiha «ko‘plab odamlarning hayotini saqlab qolish mumkin».
O‘zbekistonda «Oqila ayollar» harakati tashkil etildi. Harakat a’zolari faol va tashabbuskor ayollardan iborat bo‘ladi. Ular yosh qizlarda oilaga sadoqatni singdirish, xotin-qizlarga qabul qilinayotgan hujjatlar mazmun-mohiyatini xalqchil tilda tushintirish va boshqalar bilan shug‘ullanadi.
Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on tumanida «O‘rdatepa» arxeologiya yodgorligi vayron qilinib, uning o‘rniga ikki fuqaro uy qurgani aniqlandi. Avvalroq xuddi shu tumandagi «Gaistontepa» arxeologik yodgorligi butunlay vayron bo‘lgani xabar qilingan edi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari alohining kommunal to‘lovlari uchun bergan jami 350,6 mln so‘m mablag‘larini bank kassasiga kirim qilmasdan, noqonuniy o‘zlashtirgani aniqlandi. Gumondorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Rossiyaning Perm shahridagi o‘zbek diasporasi rahbari Jahongir Jalolov vatandoshlarini Ukrainadagi harbiy harakatlarga qo‘shilishga chaqirdi. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi «bunday da’vatlarga ergashmaslik, ziddiyatli hududlarga bormaslik va harbiy harakatlarda qatnashmaslikni» so‘ramoqda.
Samarqand viloyatida bir nechta shaxslar 4 gektar yer maydonini 42 ming dollarga sotishga urinib, kelishilgan pulni olayotgan vaqtida ushlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sud o‘z uyida o‘ldirib ketilgan bloger Asal Xodjayevaning (Asalhoney) qotiliga 16,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
O‘zbekiston harbiy oliy o‘quv yurtlarida Tojikiston harbiy xizmatchilarini tayyorlashni tashkil etish to‘g‘risidagi shartnomaga mudofaa vazirlari Bahodir Kurbanov va Sherali Mirzo imzo chekdi.
Prezident «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi. U tanlov asosida (haftasiga 5 kunlik) ishga qabul va kadrlar rotatsiyasi, qolaversa, tadbirkorlik qilish, xorijda hisobraqam ochish va manfaatlar to‘qnashuvini taqiqlash, daromadlar va mol-mulkni majburiy deklaratsiyalashni nazarda tutadi.
«Hududgazta’minot» kompaniyasining tushuntirishicha, markaziy issiqlik ta’minotiga ulangan 11,5 ming ko‘p qavatli uylarda elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish qarori xonadonlarga hisobdonlarning o‘rnatilishi noqulayligi va tabiiy gazdan kam foydalanadigan fuqarolarning murojaatlari asosida qabul qilingan.
Toshkentning Sergeli tumanidagi bir qator mahallalarda 10 avgust kuni soat 10:00 dan boshlab ichimlik suvi to‘xtatiladi. Yangihayot tumanida esa suv bosimi pasayadi. Jadval.
O‘zbekistonda 149 ta kollejga kirish uchun 59 460 ta️, 194 ta texnikum uchun 80 178 ta kvota ajratildi. Hujjatlar ️kasb.edu.uz elektron platformasi orqali qabul qilinadi. Hujjat qabuli esa 15 avgustga qadar uzaytirildi.
Butunjahon shaxmat olimpiadasining final bosqichida O‘zbekiston Gollandiya terma jamoasini mag‘lub etib, turnir g‘olibiga aylandi. Hal qiluvchi bahsda Jahongir Vohidov raqibini mag‘lubiyatga uchratib, terma jamoaga Olimpiadaning ilk oltin medalini keltirdi.
Toshkentning Yakkasaroy tumanidagi yangi qurilayotgan uyda yong‘in kelib chiqdi. Uni o‘chirishga 4 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji jalb etildi. Olov 12:50 da o‘chirildi, binoning 900 kv.m. maydoni zararlangani aytilmoqda.
Interpol byurosi Qirg‘izistonda rasmiy hujjatlarni qalbakilashtirish va kontrabandaga sheriklik ayblovi bilan qidiruvda bo‘lgan shaxsni O‘zbekistonda ushladi. Bosh prokuratura ekstraditsiya qilish masalasini ko‘ryapti.
Shaxsni identifikatsiyalash uchun sinov tarzida Mobil-ID tizimi ishga tushirildi. Ushbu modul yordamida fuqarolar doimo yonida olib yuruvchi mobil telefon raqami orqali ro‘yxatdan o‘tib, barcha davlat xizmatlaridan (moliyaviydan tashqari) elektron raqamli imzosiz foydalanishlari mumkin.
86 ta vazirlik va tashkilotlarga iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ishlagan fuqarolarni OTMlarga suhbat asosida kiritish uchun tavsiya qilish huquqi berilmoqda. Bunda abituriyent «superkontrakt» asosida o‘qiydi va ularni ro‘yxatga olish 8−22 avgust oralig‘ida DTM sayti orqali amalga oshiriladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting