Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida xodim o‘ziga benzin sepib, yoqib yubordi. FNQIZ bunga u ishdan bo‘shatilgani sabab bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etib, shu kuni xodimning yonida ruxsatnomasi bo‘lmaganligi uchun ishga kiritilmaganini ma’lum qildi. Korxona unga yordam ko‘rsatmoqda.
O‘zbekistonda 2021 yilda 910 ming nafar chaqaloqdan 170 ming nafari asoratli homiladorlik bilan tug‘ildi, deb ma’lum qildi senator Diloram Tashmuxamedova. Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshlar va ularning ota-onalari nikohni qayd etish oldidan tibbiy ko‘rikdan o‘tishga jiddiy e’tibor qaratmayapti.
Termizning Alisher Navoiy ko‘chasida mast holatdagi haydovchi Damas mashinasida katta tezlikda harakatlanib, yo‘lni kesib o‘tayotgan 83 yoshli qariyani urib yubordi.
Nur-Sultonda bo‘lib o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik Diyora Keldiyorova oltin, Muhriddin Tilovov va Nilufar Ermaganbetova bronza medalini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha 6-yig‘ilishni joriy yil oxirigacha o‘tkazish uchun respublika tashkilotga a’zo davlatlarning qo‘shimcha savollariga javoblar hamda texnik jihatdan tartibga solish, intellektual mulk va boshqa yo‘nalishlarga oid yangilangan hujjatlarni taqdim etishi zarur.
Yaqin yillarda aholi uchun maxsus davlat g‘aznachilik qog‘ozlarini chiqarishni rejalashtirilmoqda, deya xabar berdi moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isakov. Ular bo‘yicha stavka bozor obligatsiyalaridan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Davlat obligatsiyalariga xorijiy investorlar ham jalb qilinadi.
Shavkat Mirziyoyev Administratsiya rahbari Sardor Umurzakovga yil yakuniga qadar “ixcham, professional, adolatli, natijaga ishlaydigan boshqaruv tizimini” joriy qilish orqali ma’muriy islohotlarni yakunlashni buyurdi. Davlat xizmati to‘g‘risidagi qonun esa hanuz imzolanmadi.
Davlat xizmatchilarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Xorijiy ekspertlar ishtirokida o‘quv dasturi tuziladi va yil yakunigacha 5 ming nafar davlat xizmatchisi o‘qitiladi. Davlat boshqaruvi akademiyasi esa eng ilg‘or xorijiy tajribalar asosida transformatsiya qilinadi.
Subsidiya uchun aholi va tadbirkorlar o‘rtacha 10 ta vazirlik va idoradan xulosa olishi kerak, elektr tarmoqlariga ulanishda ham ortiqcha byurokratiya ko‘p. Shu bois prezident bosh vazirga 1 oyda barcha vazirlik va hokimliklarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, xarajatlar va hujjatlarni qisqartirishni buyurdi.
Prezident davlat xizmatini isloh qilish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazmoqda. Uning ta’kidlashicha, bu sohadagi muammolarni hal qilish 30 yilga qoldirildi. «Hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q», — dedi davlat rahbari.
Prezident davlat xizmatiga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etilishini ma’lum qildi. Rahbarlikka nomzodlarni “mahalladan — respublikagacha” tamoyili asosida o‘stirish yo‘lga qo‘yiladi, eski “obyektivka"dan voz kechiladi. Xodimga bilim-tajribasi va ko‘rsatgan natijasiga qarab baho beriladi.
7 oy davomida dori vositalarini dorixonalardan tashqarida sotish, shuningdek, qalbaki va sifatsiz dori vositalari va tibbiyot buyumlari bilan bog‘liq 82 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi. Yana 52 ta qonunbuzarlik inson ruhiyatiga kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari tayyorlash va sotish bilan bog‘liq.
Senatorlar davlat qarzi to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi, bu ko‘rsatkichning maksimal miqdori YAIMga nisbatan 60% etib belgilanmoqda. Davlat qarzi hisobidan faqat ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish mumkin. Uni samarali boshqarish uchun esa uch yillik strategiya ishlab chiqiladi.
Senatorlar himoya orderi talablarini buzganlik uchun jarimani bir necha baravarga oshirishga oid qonunni rad etdi. Ta’kidlanishicha, jarimani oshirish jabrlanuvchining o‘ziga yuk bo‘ladi. «U jarimani to‘laydi, ammo xotini, bolasining imkoniyati chegaralanib qolishi mumkin», — dedi Tanzila Narbayeva.
Ochiqlik to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganligi uchun mansabdor shaxslar BHMning 3−5 baravari (900 ming — 1,5 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortiladi. Huquqbuzarga nisbatan ma’muriy bayonnomani esa Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tuzadi.
Senat Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritishni rad etdi. Bunga, nikoh tuzishdagi bir oylik muddatni bekor qilish va tibbiy ko‘rikdan so‘ng nikohni qayd etish taklifi sabab bo‘ldi. Senatorlarning fikricha, bu muddat yosh turmush qurganlarni oilaviy hayotga tayyorlash va ajralishlar soni kamayishiga imkon beradi.
O‘zbekiston qarzining YAIMga nisbati 60 foiz etib belgilanmoqda. Moliya vaziri o‘rinbosari Odiljon Isakov bu ko‘rsatkich maqsad emas, balki eng yuqori chegara ekanligini ma’lum qildi. Hozirda nisbat 37 foiz — 25,9 mlrd dollarga yetgan. Tashqi qarz esa nimaning hisobidan to‘lanishi haqida ma’lumot berildi.
1 iyuldan beri Toshkent xalqaro aeroportidan uchib ketayotgan yo‘lovchilar bojxonachilar tekshiruvidan o‘tkazilmayapti. Bunda yo‘lovchilar haqidagi oldindan to‘plangan ma’lumotlar asosida fuqarolar va ularning yuklari elektron bodi skaner qurilmasidan o‘tmoqda. Faqat shubha uyg‘otgan shaxslargina tekshirilyapti.
O‘zbekiston «yagona Xitoy» siyosatini va ushbu mamlakatning hududiy yaxlitligini izchil qo‘llab-quvvatlaydi hamda Tayvan bilan bog‘liq vaziyatda keskinlikning tezroq bartaraf etilishiga umid qilmoqda, deb bayonot berdi TIV.
Olmaotada pasportlari olib qo‘yilib, majburiy mehnatga jalb qilish maqsadida ushlab turilgan 10 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting