O‘zbekistonda kamaygan yashillik darajasi, xiyonat qilganga o‘rin yo‘qligini aytgan Mirziyoyev, fuqaroni Meksika orqali AQShga yuborishni va’da qilganlar, O‘zbekiston-Rossiya o‘rtasida gaz uchun to‘lov, eksport cheklovi bekor qilingaya, rekord darajada ko‘p piyoz sotilgani va boshqalar — “Gazeta.uz”ning kun dayjestida.
“Gazeta.uz” e’tibor qaratgach, Toshkentdagi 19 gektar yerdagi 18 ming daraxt kesilishiga yo‘l qo‘yilmaydigan bo‘ldi. Avvalroq bu yerdagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti Andijonga ko‘chirilishi sababli uning o‘rnida zavod qurilishi va daraxtlar kesilishidan xavotirlangan aholi hukumatga murojaat qilgandi.
Chery avtomobil brendining O‘zbekistondagi rasmiy distribyutori Roodell kompaniyasi Tiggo 7 Pro xaridorlari uchun musobaqa tashkillashtirdi.
Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakat poytaxtining ichimlik suvi taqchilligi, issiqlik ta’minoti, kanalizatsiya va “bir xil ko‘rinishdagi quti binolar bilan to‘ldirilgan” me’moriy ko‘rinishi bilan bog‘liq muammolarini sanab o‘tdi. Bularning aksariyati Toshkentga ham taalluqli.
Toshkentda iyun oyida 14,5 mln ga yaqin kishi jamoat avtobusidan foydalandi. Eng ko‘p yo‘lovchi 8-sonli yo‘nalishida harakatlandi. May oyida esa avtobusda yurganlar soni 16 mln nafardan ortiq edi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha delegatsiyasi mamlakatning tashkilotga a’zo bo‘lishi bo‘yicha ishchi guruhining 7-yig‘ilishini o‘tkazish uchun barcha fundamental hujjatlar to‘plamini tayyorladi. Yig‘ilish sentabr-oktabr oylarida o‘tkazilishi mumkin.
Quyi palata deputatlari qabul qilgan qonunga ko‘ra, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanuvchi jismoniy va yuridik shaxslarni mol-mulk solig‘idan, qurilmalar bilan band bo‘lgan yerlar bo‘yicha yer solig‘idan ozod etiladi.
“Asakabank” va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi tomonidan Makro Farm Andijan MCHJga tashkillashtirilgan press-tur davomida OAV vakillari ishlab chiqarilgan qator mahsulotlar bilan tanishib chiqdilar.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Rossiyaga gaz uchun qancha to‘lashini ochiqlay olmasligi, lekin milliy manfaatlar, bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, raqobatbardosh narxlar belgilanganini ta’kidladi.
G‘allaorol tumanida o‘zganing avtomobil raqamini taqib olib yil davomida 292 marta qoida buzgan Malibu-2 haydovchisi qo‘lga olindi.
Qoraqalpog‘istonda madaniyat va san’at sohasi vakillari va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, gastrol safarlarini moliyalashtirish kabi ishlar uchun Madaniyatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tuziladi. Unga O‘zbekiston Madaniyat va turizm vazirligi 2023-yil uchun ajratilgan pullardan 20 mlrd so‘m yo‘naltiradi.
O‘zbekistonda tabiiy monopoliyalar, jumladan, elektr energiyasi, gaz, aloqa, yo‘llar va aviatsiya bilan bog‘liq sohalarda bosqichma-bosqich mustaqil bozor regulyatorlari instituti joriy etiladi. Raqobat qo‘mitasi 2025-yilgacha bu bozorlardagi tariflarni tartibga solishni ularga topshirishi kerak bo‘ladi.
Qurilish ishlari tezlashishi oqibatida Toshkent shahrining qator tumanlarida va Buxoro shahrida yashillik darajasi 2022-yilda 2017-yilga nisbatan 33−37 foizgacha qisqardi. Xususan, ko‘rsatkich Shayxontohur tumanida 26 foizga, Yakkasaroyda 23 foizga, Olmazorda 33 foizga, Mirzo Ulug‘bekda 18 foizgacha kamaygan.
Yakkasaroy tumanida ikki ayol va bir erkak Janubiy Koreya fuqarolarining xonadoniga bosqinchilik yo‘li bilan kirib, o‘g‘rilik sodir etdi. Gumonlanuvchilar ushlanib, qamoqqa olindi.
Jahon iqtisodiyot va diplomatiya universiteti qoshidagi Diplomatik akademiyaga yangi o‘quv yili uchun magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha hujjatlar qabuli boshlandi. Qabul 31-iyulgacha davom etadi.
Eksportga qo‘yilgan cheklov bekor qilingach, O‘zbekiston chetga rekord darajada ko‘p piyoz yubordi. Mart oyi o‘rtalaridan iyun oxirigacha tashqi bozorlarga 222,8 ming tonna piyoz jo‘natilgan, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 53 foizga ko‘p. Mahsulotning 90 foizi Rossiya va Qozog‘istonga sotilgan.
Toshkentda fuqarolarni Meksika orqali AQShga jo‘natish bo‘yicha navbatdagi urinishning oldi olindi. Buning uchun bir holatda 30 ming dollar, ikkinchisida 3500 dollar va 14 million so‘m talab qilingan.
Janubiy Afrika Respublikasining Yohannesburg shahrida 2012-yildan beri birinchi marta qor yog‘di. Hodisa namlikning ko‘tarilishi va sovuq harorat tufayli kuzatilgan. Olimlar bunga global isishning hech qanday aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.
Toshkent shahrida Nexia bilan to‘qnashuvda 34 yoshli mototsikl haydovchisi vafot etdi. Nexia yo‘lovchisi shifoxonaga yotqizildi.
Yuy Szyun Xitoyning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. 51 yoshli diplomat shu yil boshida 5 yillik missiyasini yakunlagan Szyan Yanning o‘rnini egalladi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting