Qonunchilik palatasi spikeri o‘ribosari Rahim Hakimov palataning barcha organlari bu yilgi faoliyatida prezident tashabbuslarini birinchi galdagi vazifa sifatida belgilab, ularni og‘ishmay amalga oshirishi lozim bo‘lishini ta’kidladi.
Prezident farmoni bilan 2025-yil 1-iyuldan yuridik shaxslarga nisbatan yadroviy xavfsizlik talablarini buzganlik uchun jarimalar qo‘llanilishi joriy etiladi. Shuningdek, O‘zbekiston to‘rtta xalqaro shartnomaga qo‘shilishi rejalashtirilmoqda.
Jizzax shahrida qutqaruvchilar kir yuvish mashinasining quritish qismida qisilib qolgan bolani qutqardi. Bola jarohatlanmagan.
10-yanvardan Toshkent — Xo‘jakent yo‘nalishidagi elektropoyezdlar Janubiy vokzaldan harakatlana boshlaydi. Ular shu paytgacha Shimoliy vokzaldan yurgan.
AQSh Kongressi vitse-prezident Kamala Harris raisligida Donald Tramp g‘alaba qozongan prezidentlik saylovlari natijalarini tasdiqladi. Ovozlarni sertifikatlash rasmiyatchilik sanalsa-da, jarayon 2021-yilda Tramp tarafdorlarining Kapitoliyga bostirib kirishi bilan yodda qolgan.
“Ukrainada prezidentlik saylovi harbiy holat tugaganidan so‘ng darhol o‘tkaziladi”, — dedi Vladimir Zelenskiy. “Yoki parlament qonunchilikni o‘zgartirishi kerak”, — degan prezident qonun urush sharoitida saylov o‘tkazishni taqiqlashiga ishora qildi va jamiyat bunga qarshi ekanini bildirdi.
2015-yildan beri Kanada bosh vaziri va Liberal partiya yetakchisi bo‘lib kelgan Jastin Tryudo iste’foga chiqqanini e’lon qildi, bu hukumatda tartibsizliklar kuchaygan pallada yuz berdi. Tryudo partiya yangi nomzodni tanlaguncha lavozimida qoladi. Iste’fodan so‘ng Tramp Kanadaga 51-shtat bo‘lishni yana taklif etdi.
Namanganda fuqaro va uning onasini Haj mavsumida Saudiya Arabistoniga yuborish evaziga 10 ming dollar olgan shaxs qo‘lga olindi. Huquq-tartibot idoralari Haj va Umra ziyoratlari bilan bog‘liq yana 4 ta holatni aniqladi.
Dushanba kuni Navoiy viloyati Tomdi tumanida 3,6 magnitudali yer silkinishi qayd etildi.
Nyu Yorkning markaziy ko‘chalarida tig‘iz vaqtlarda yo‘l haqi to‘lash joriy etildi. Hali AQShning hech bir shahrida bunday qoida kiritilmagandi. Manhettenga kirish narxi — kuniga 9 dollar. Shahar hukumati shu tariqa tirbandlikka qarshi kurashmoqchi va jamoat transportini rivojlantirish uchun mablag‘ yig‘moqchi.
5-yanvar kuni Los-Anjelesda “Oltin globus"ning 82-mukofot topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. “Brutalist” va “Emiliya Peres” eng yaxshi film deb topilgan bo‘lsa, “Syogun” hamda “Uddaburonliklar” eng yaxshi serial bo‘ldi. Demi Mur “Substansiya” filmidagi ijrosi uchun eng yaxshi aktrisa sovrinini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonda nikotinni iste’mol qilish moslamalari, jumladan, elektron sigaretalarning muomalasini taqiqlash hamda javobgarlik belgilash taklif etilmoqda. Shuningdek, moslamalarni respublika hududiga olib kirish yoki olib chiqishga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Bokudan Grozniyga uchgan Azerbaijan Airlines samolyotining halokatga uchrashiga “Rossiya Federatsiyasi vakillari” aybdor ekanini aytdi. U Rossiyadan aybdorlarni jazolashni hamda “insoniy xulq-atvor”ni talab qildi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-yanvardan qisqa muddatli ta’tilga chiqdi.
Farg‘onada enaga zinadan yiqilib tushgan ikki yoshli qaramog‘idagi qizchani kasalxonaga olib bormadi. Bola og‘ir jarohat olgan. Xavf ostida qoldirish holati bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, holat Bolalar ombudsmani tomonidan nazoratga olingan.
Ayiq bilan mashg‘ulot o‘tkazgan bokschi Shahram G‘iyosov 1 mln 125 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi. Sportchi holat boshqa qaytarilmasligini aytib uzr suradi. Ekologiya vazirligi jonivor Farg‘ona hayvonot bog‘iga topshirilganini bildirdi.
Denov tumanida yupun kiyingan o‘quvchilar madaniyat bo‘limi topshirig‘i bilan sovuq ob-havoda ko‘prik ochilishiga jalb qilindi. Bolalar ombudsmani holat bo‘yicha Madaniyat vazirligiga taqdimnoma kiritdi. Maktab direktorlariga “hayfsan” intizomiy jazosi qo‘llandi.
Tarmoqlarda Respublika pediatriya markazi metapnevmovirusga chalingan bolalar bilan to‘lgani haqidagi xabarlar tarqaldi. Sog‘liqni saqlash vazirligi xabarlar asossiz ekanini qayd etib, holatga izoh berdi.
HAMAS o‘z qo‘shinlarini G‘azo hududidan olib chiqib ketish va o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitimni imzolash evaziga 34 nafar isroillikni ozod qilishga roziligini bildirdi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan hafta Qatarda tomonlar kelishuv bo‘yicha muzokaralarni qayta tiklagan.
Andijonning Marhamat tumanidagi xonadonda gaz chaqnadi. Oqibatda bir oilaning to‘rt a’zosi turli darajada tan jarohati oldi, ulardan biri vafot etdi. Hozirda holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting