Qozog‘istonda bir guruh o‘zbekistonliklar pasportlari olib qo‘yilib, majburiy ushlab turilgani haqida murojaat bilan chiqdi. Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlari fuqarolarning pasportlarini qaytarish va oylik maoshlari undirishga erishdi. Ularni vatanga olib kelish choralari ko‘rilmoqda.
16 avgust kuni Norin tumanidan oqib o‘tuvchi Qoradaryoda 12 yoshli qiz cho‘milishga borib, cho‘kib ketgan. Uni IIB, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruv-qidiruv guruhi qidirmoqda.
Yangi boshlangan o‘quv yili, maktab darsliklari bepul ijaraga berilishi, xorijga chiqish pasportini olish osonlashgani, 95 kg narkotik, Afg‘onistondagi masjidda bo‘lgan terrorchilik va Rossiyaning Afg‘onistondagi elchixonasi yaqinida bo‘lgan portlashni qoralagan O‘zbekiston va boshqalar — «Gazeta.uz» da kun dayjesti.
Prezident Administratsiyasi rahbarining topshirig‘i bilan darsliklar sifatini tekshirish bo‘yicha ishchi guruhi tashkil etildi. Bundan tashqari, darsliklarni tayyorlash, nashr etish, tannarx va tarqatish tizimini tanqidiy ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda.
Ekologlar dron yordamida o‘tkazgan reydda fuqaro Jarqo‘rg‘on tumanidagi Surxondaryo daryosi o‘zanidan noqonuniy tarzda qum-shag‘al qazib olayotganini aniqladi. Unga 9 mln so‘m jarima tortildi, texnikalari esa hududdan chiqarib yuborildi.
«O‘zyo‘linspeksiya» yil boshidan beri 139 ta holatda yo‘llardagi 6,1 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari sifatsiz bajarilganini aniqladi. Inspeksiya talabnomasi bilan 4,2 mlrd so‘mlik sifatsiz ishlar pudratchilar tomonidan qaytadan bajarildi. Qoidabuzar mansabdorlarga nisbatan esa 134 ta bayonnoma tuzildi.
Shavkat Mirziyoyev maktab darsliklarining ijara to‘lovlari narxi keskin oshirilishi ortidan keng jamoatchilik, jumladan, ota-onalar tomonidan bildirilgan e’tirozlar fonida darsliklarni bepul ijaraga berishni tezkor yo‘lga qo‘yish yuzasidan topshiriq berdi.
DXX Toshkent va Surxondaryoda jami 95 kg giyohvand moddalarni aylanmasi bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan shaxslar ushladi. Moddalar afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan mamlakatga olib kirilgani aniqlandi.
O‘zbekistonda xorijga chiqish biometrik pasportini endi barcha DXMlar orqali rasmiylashtirish mumkin. Xizmat eksterritorial tamoyil asosida, ya’ni fuqaroning ro‘yxatda turgan manzilidan qat’iy nazar ko‘rsatiladi. Qolaversa, pasportni olish uchun talab etiladigan ma’lumotnomalar ham qisqartirildi.
Poytaxt metropoliteni kuz boshlanishi bilan yo‘lovchilar oqimining oshishi kutilayotganidan ogohlantirdi. Yo‘lovchilardan transport kartalaridan foydalanish va vagonlar eshigi oldida to‘planib turmaslik, tushib ketayotganlarni kechiktirmaslik so‘raldi.
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida 1961 yilda tug‘ilgan ayolning nomusiga tegganlikda gumonlangan va qidiruvga berilgan shaxs Jizzax viloyatida ushlandi. Qo‘lga olish jarayonida u Aydar-Arnasoy ko‘li ortidagi chekka hududlardan biriga yashiringani aniqlandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Buvayda tumanida YPX inspektori haydovchini kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilayotgani aks etgan video tarqaldi. Viloyat IIB mazkur voqeadan so‘ng, xodimga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilgani va u ishdan bo‘shatilganini ma’lum qildi.
Navoiy viloyati Ekologiya boshqarmasi Zarafshon daryosining Karmana tumanidan oqib o‘tuvchi qismida 829 dona baliq nobud bo‘lganini aniqladi. Bu «Navoiyazot» va «Navoiy IES» korxonalarining daryoga tashlaydigan oqova suvlaridan sababli yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Ekologlar laborator tekshiruvlar o‘tkazmoqda.
1 noyabrdan boshlab yakka tartibdagi tadbirkorlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxati yana 10 taga ortadi. Ularning orasida — rieltorlik xizmatlarini ko‘rsatish, uy-ro‘zg‘or buyumlarini ijaraga berish, avtomobil bozolarida vositachilik qilish, kulolchilik va boshqalar mavjud.
Haftaning birinchi yarmida biroz issiq ob-havo saqlanib qoladi, harorat +34…+39 daraja atrofida bo‘ladi. Payshanba kunidan esa havo salqinlasha boshlaydi, harorat +30…+35 darajagacha pasayadi. Hafta davomida faqat Qoraqalpog‘istonda qisqa muddatli yomg‘irlar yog‘ishi kutilmoqda.
O‘zbekistonda dushanbadan 5 ballik magnit bo‘ronlari kuzatiladi, seshanba kuniga kelib bo‘ron ta’siri kamaya boshlaydi. Mutaxassislarning fikricha, bu vaqtda arterial gipertoniya va bronxial astmasi borlar aziyat chekadi, ko‘pchilikda orqa bosh miyada og‘riq turadi, shu bois kamroq harakat qilish tavsiya etiladi.
Toshkent shahar IIBB xodimlari poytaxtdagi mehmonxonalarda tongi soat 5:00 dan boshlab dam olayotganlarni uyg‘otib, hujjatlarini tekshirmoqda. IIV bu holatni «dunyoda odatiy va to‘g‘ri qabul qilinadi», deya izohladi. Turizm vazirligi esa IIVdan tekshiruv nega o‘tkazilganini tushuntirishni so‘rab, xat kiritdi.
Deputat Rasul Kusherbayev davlat umumiy o‘rta ta’lim davlat tomonidan kafolatlangani uchun maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lovning mavjudligini Konstitutsiyaga zid, deb hisoblaydi. Parlament a’zosi tushuntirish berishi uchun Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilishni rejalashtirmoqda.
14−17-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti munosabati bilan Samarqandning 16 ta ko‘chasi, shu jumladan, jamoat transporti harakati uchun yopiladi. Bu kunlarda shaharga kirish ham yopiladi, tranzitchilar uchun aylanma yo‘llar tashkil etiladi (xarita).
Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston aholisini USM xoldingiga aloqadorligi aytilayotgan loyihalarga sarmoya kiritishga, shuningdek, sherik bo‘lishga yoki Alisher Usmonovdan yordam olishga chaqiruvchi reklamalar tarqalmoqda. Kompaniya buni foydalanuvchilarni aldash uchun yaratilgan firibgarlik loyihalari deb atadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting