Qoraqalpog‘istonda komendantlik vaqti 23 dan soat 5 ga qadar etib qisqartirilmoqda, bunga qadar soat 21 dan soat 7 gacha edi. Respublikadagi vaziyat barqarorlashgani tufayli prezident hududda favqulodda holat rejimini yumshatish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
AQSh dollarining so‘mga nisbatan rasmiy kursi 14,91 so‘mga qimmatlab, 10 935,19 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, rubl kursi ham ko‘tarildi, yevro esa arzonladi.
Andijon viloyati hokimi prezident qarori bandlari ko‘chirilgan hujjatni imzoladi, buning oqibatida u bir qancha vazirlar va Toshkent shahar hokimiga topshiriq bergandek tasavvur uyg‘otdi. Viloyat adliya boshqarmasi bu qanday sodir bo‘lgani va hujjat nega huquqiy ekspertizadan o‘tkazilmaganini tushuntirdi.
14−15 iyul kunlari Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi. U prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar o‘tkazadi va Samarqandga boradi.
Toyloq tumanida 30 yoshli ayol o‘z joniga qasd qilgandi. Sud-tibbiy ekspertiza marhumaning tanasida yengil tan jarohatlari mavjudligini aniqladi. Marhumaning turmush o‘rtog‘iga nisbatan o‘zini o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish moddasi bilan jinoyat ishi ochildi.
O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi Hamkorlikning qo‘shimcha yo‘nalishlari ro‘yxatini imzoladi. Unda bojxona hamkorligi, sanitariya va fitosanitariya standartlari, yuk tashishni raqamlashtirish va boshqa sohalardagi yondashuvlarni bosqichma-bosqich muvofiqlashtirish ko‘zda tutilgan.
Hukumat qarori bilan 13 iyuldan YPX postlarida transportlar jarimalari bor yoki yo‘qligiga qarab, «yashil» va «qizil» yo‘laklarga yo‘naltiriladi. Qarzdorligi bor haydovchilar shu joyning o‘zida to‘lovni amalga oshirsa, harakatda davom etishiga ruxsat beriladi, aks holda esa mashina jarima maydonchasiga qo‘yiladi.
Shri-Lankadagi iqtisodiy inqirozlar tufayli yuz bergan ommaviy noroziliklar fonida mamlakat prezidenti Gotabaya Rajapaksa 13 iyul kuni iste’foga chiqishini e’lon qilgandi. U mamlakatni tark etgani va Maldiv orollariga uchib ketgani ma’lum bo‘ldi. Parlament yangi prezidentni 20 iyul kuni saylashi kutilmoqda.
Markaziy bank 15 iyuldan 200 ming so‘mlik banknota muomalaga chiqarilishini ma’lum qildi. Mazkur banknota «Buyuk Ipak yo‘li» hamda Farg‘ona vodiysining qadimiy tarixiga bag‘ishlangan.
Samarqandda 17 yoshli yigit singlisining dugonalarini Cobalt avtomobilida olib ketayotganda YTH sodir etdi, buning oqibatida ikki nafar qiz vafot etdi. Boshqa bir avariyada esa dvigateli o‘chib qolgan Damas`ni itarib ketayotgan haydovchi orqadan yuk mashinasi urishi oqibatida halok bo‘ldi.
Chorvoq paradromi dunyoda paraplanda uchish oson bo‘lgan kam sonli joylardan biridir. Parvoz qilish istagidagilarga bu baxtni o‘zbek paraplanerizmi kashshofi Vyacheslav Chesenko tortiq etmoqda. «Gazeta.uz» undan shogirdlari, ko‘zi ojiz yo‘lovchilar, o‘zbek paraplanerizmi tarixi va rivojlanishi haqida so‘radi.
Eron hududlaridan issiq va quruq havo kirib kelishi natijasida payshanba kunidan boshlab hafta yakunigacha O‘zbekistonda harorat +41 darajagacha ko‘tariladi. Janub va cho‘l hududlarda 43 darajagacha issiq bo‘lishi kutilmoqda.
Mirzaobod tumanida 18−24 yoshlar orasidagi to‘rt nafar fuqaro «Tavhid va jihod katibasi» terrorchilik tashkiloti ta’sirida ekstremistik mazmundagi audio-video materiallarni tanishlari orasida targ‘ib qilib kelganlikda ayblanmoqda. Sud gumondorlarni aybdor deb topsa, 5 yildan 8 yilgacha qamalishi mumkin.
Ekologiya qo‘mitasi Farg‘ona viloyatida havoni ifloslantirayotgan beshta gips ishlab chiqaruvchi korxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatib, majburiy ko‘rsatmalar bergandi. Qo‘mita korxonalar berilgan muddatda ko‘rsatmani bajarmagani uchun ularni sudga berdi.
NASA eng kuchli James Webb kosmik teleskopi tomonidan olingan ilk suratlarni e’lon qildi. Ularda — koinot qa’rining olis yoshligi: yulduzlar va galaktikalarning tug‘ilishi va o‘limi, qora tuynuklar hamda ulkan kosmik chang bulutlari aks etgan.
«Talimarjon» IES BAAning «Mubadala» va «Taqa» kompaniyalari yordamida modernizatsiya qilinadi. «Masdar» kompaniyasi Samarqand, Surxondaryo, Jizzax va Navoiyda quyosh va shamol elektr stansiyalarini quradi. Mazkur loyihalarga jami $3 mlrd jalb etiladi, bunda mahalliy mahsulotlar va ishchi kuchidan foydalaniladi.
Qashqadaryoda ayol o‘zining eri va uning qarindoshlari tomonidan kaltaklandi. Viloyat IIB bunga ayol boshqa fuqaro bilan ishqiy munosabatda bo‘lib yurgani sabab bo‘lganini aytmoqda. Ayolni bog‘lab qo‘yib, sochini kesib, kaltaklagani va qamchi bilan muttasil urgani uchun gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
O‘zbekistonning to‘rt yilga mo‘ljallangan innovatsion rivojlanish strategiyasi tasdiqlandi. Bu vaqt davomida innovatsion texnologiyalar yaratishning g‘oyadan yakuniy iste’molchigacha bo‘lgan kompleks tizimi yaratiladi. 26 ta tuman va bitta shaharda innovatsiya bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.
Ayrim OTMlarda prezident farmoniga zid ravishda talabalardan «aylanma varaqa»ni qog‘oz shaklda to‘ldirib kelish talab etilmoqda. Adliya vazirligi o‘tkazgan tekshiruvlarda bu o‘z tasdig‘ini topdi. Oliy ta’lim vazirligi va tegishli OTMlarga prezident farmoni ijrosini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha taqdimnoma kiritildi.
sentabr oyida Toshkent va Buxoroda xalqaro adabiy festival o‘tkazilishi kutilayotgandi. Biroq, tadbir dasturi, ishtirokchilar ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lishiga qaramay, mahalliy hamkor — Yozuvchilar uyushmasi tashkilotchilar safidan chiqdi va festival to‘xtatildi. «Gazeta.uz» Yozuvchilar uyushmasidan izoh ololmadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting