Qirg‘iziston va Tojikiston delegatsiyalari uchrashuvida qirg‘iz-tojik chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha bayonnoma imzolandi. Uning mazmuni oshkor qilingani yo‘q, biroq ikki davlat maxsus xizmatlari rahbarlari ushbu hujjat chegaradagi barcha kelishmovchiliklarni hal etishini ma’lum qildi.
Fizika bo‘yicha 2023-yilgi Nobel mukofoti elektronlar bo‘yicha eksperimental tajribalar o‘tkazgan olimlar Per Agostini, Ferens Krauz va Ann Le-Huillerga berildi.
Armaniston deputatlari Gaagadagi Xalqaro jinoyat sudining Rim statutini ratifikatsiya qilishni ma’qullab ovoz berdi. Bir hafta oldin Rossiya TIV Armanistonni buning oqibatlari haqida “ogohlantirgandi”. Mazkur sud Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olishga order bergan.
Tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti COVID-19 ga qarshi vaksinalar yaratish imkonini beruvchi mRNA sintezi texnologiyalarini ishlab chiqqan Katalin Kariko va Dryu Vaysmanga berildi.
Yanvarda Ozarbayjonning Tehrondagi elchixonasiga hujum qilgan 50 yoshli Eron fuqarosiga o‘lim jazosi tayinlandi. Uning o‘q otishi oqibatida elchixona xavfsizlik xizmati rahbari halok bo‘lgan, ikki qo‘riqchi yaralangandi.
Anqarada Turkiya Ichki ishlar vazirligi binosi oldida terakt sodir etildi. Mamlakat IIV rahbari Ali Yerlikaya bir xudkush o‘zini portlatib yuborgani, ikkinchisi esa “zararsizlantirilganini” ma’lum qildi.
Shveysariya Bosh prokuraturasi mamlakat federal jinoyat sudiga Gulnora Karimova va uning sherigiga nisbatan ayblov xulosasini kiritdi. Ular jinoiy tashkilot faoliyatida ishtirok etish, pul yuvish kabi jinoyatlarda ayblanmoqda. Prokuratura 483 mln dollarlik aktivlarni musodara qilish bo‘yicha ham so‘rov kiritgan.
Qozog‘iston G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalariga so‘zsiz amal qiladi, dedi mamlakat prezidenti Qasim-Jomart Toqayev. U, shuningdek, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishga chaqirib, Qozog‘iston Rossiyaning hududiy da’volaridan qo‘rqmasligini aytdi.
Garri Potter haqidagi filmlarda Albus Dambldor rolini ijro etgan aktyor Maykl Gambon 82 yoshida pnevmoniyadan ko‘z yumdi.
Rossiya Ukrainada qo‘llagan Eron kamikadze-dronlarida Yevropada ishlab chiqarilgan komponentlar mavjudligi aniqlandi, deya yozmoqda Guardian. Yevropa kompaniyalari mahsulotlari Eronga bir nechta mamlakat, jumladan, O‘zbekiston orqali olib kirilgani ta’kidlangan.
Tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ respublikasi rahbari 2024-yil 1-yanvardan uning faoliyatini tugatish va barcha davlat muassasalarini tarqatib yuborish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Qorabog‘ aholisini Ozarbayjon taqdim etgan reintegratsiya shartlari bilan tanishtirish taklif qilindi.
Rossiya ommaviy axborot vositalarining Ukrainadagi urush haqidagi ritorikasini genotsidga chorlash deb hisoblash mumkin, deya ta’kidladi BMT komissiyasi. Rossiya armiyasining harbiy jinoyatlari, jumladan, fuqarolik infratuzilmasiga hujumlari va qiynoqlarga yo‘l qo‘yganiga oid ko‘plab dalillar ham to‘plandi.
“O‘zbek tomoni shusiz ham O‘zbekistonga oqib turgan suvni qanday olishining Qirg‘izistonga farqi yo‘q”, deya ma’lum qildi mamlakat prezidenti Sadir Japarov. U Farg‘onaga Kampirobod suv omboridan suv quvuri yotqizish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarga shunday izoh berdi.
“O‘zbek tomoni shusiz ham O‘zbekistonga oqib turgan suvni qanday olishining Qirg‘izistonga farqi yo‘q”, deya ma’lum qildi mamlakat prezidenti Sadir Japarov. U Farg‘onaga Kampirobod suv omboridan suv quvuri yotqizish rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlarga shunday izoh berdi.
Dunyodagi yadroviy tahdid geosiyosiy raqobat tufayli sovuq urush darajasiga yetdi, dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish. U xalqaro hamjamiyatni yadroviy qurollarni yo‘q qilishga va uni tarqatmaslik rejimini kuchaytirishga chaqirdi.
Tog‘li Qorabog‘dagi Stepanakert shahri yaqinida yonilg‘i omborining portlashi oqibatida kamida 20 kishi halok bo‘ldi, 290 kishi jarohatlandi, ularning ko‘pchiligi og‘ir ahvolda. Tan olinmagan respublika vakillarining xabar berishicha, ombor Qorabog‘dan Armanistonga ketayotganlarni benzin bilan ta’minlagan.
Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri mamlakatda 21 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga energetik ichimliklar sotish taqiqlanishi haqidagi qonun ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Vazirning ta’kidlashicha, qonun loyihasi yaqin kunlarda Senatga yuboriladi.
Belarus fuqarolariga mamlakatga uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish, saqlash, sotish, ishlab chiqarish va ulardan foydalanish taqiqlandi. Endi dronlarni faqat yuridik shaxslar va tashkilotlar tadbirkorlik hamda professional faoliyat maqsadida ishlatishi mumkin.
Tojikiston hududlarida elektr energiyasida ommaviy uzilishlar kuzatilmoqda. Qator shaharlar aholisining so‘zlariga ko‘ra, elektr toki kunduzi ham, kechasi ham o‘chirilmoqda. Energetika xizmatlari buni qish oldidan ta’mirlash ishlari olib borilayotgani bilan izohladi.
Bir kun avval evakuatsiya boshlanganidan buyon Tog‘li Qorabog‘dan Armanistonga 6500 dan ortiq qochqin yetib keldi. Tan olinmagan respublika rasmiylari hududni 120 mingdan ortiq etnik armanlar tark etmoqchi ekanini ma’lum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting