Prezident Xotira va qadrlash kuni hamda g‘alabaning 79 yilligi munosabati bilan xalqqa tabrik yo‘lladi. “Bugungi ozod va erkin hayot uchun aziz jonini ayamasdan kurashgan bunday ulug‘ insonlar oldida doimo qarzdormiz”, degan prezident ularning jasorati yoshlarni tarbiyalashda ibrat maktabi bo‘lishini ta’kidladi.
O‘zbekiston prezidenti amaliy tashrif bilan Moskva shahriga yetib bordi. Uni Vnukovo xalqaro aeroportida Rossiya hukumati raisi o‘rinbosari Denis Manturov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Prezident harbiy klinik gospitalga tashrifi chog‘ida Sirdaryo hokimiga o‘sha yerda davolanayotgan urush qatnashchilaridan biriga uy ajratish bo‘yicha topshiriq berdi. Yana bir urush faxriysi esa Shavkat Mirziyoyevni umrbod prezident qilib qo‘yishni taklif etdi. Prezident bunga javoban kulib qo‘ydi.
Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘iga tashrifidan so‘ng Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitaliga borib, urush qatnashchilari holidan xabar oldi.
Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydi. Unga, shuningdek, Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan majmua loyihasi taqdimot qilindi. Foto.
Prezident 8−9-may kunlari Rossiyaga tashrifi chog‘ida Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlardan tashqari, kuzatuvchi davlat rahbari sifatida Oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashining majlisida ham ishtirok etadi.
Vengriya, Eron, Chexiya, O‘mon va Jazoir elchilari O‘zbekiston prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi. “O‘zbekiston jahonga keng ochilayotgan, xorijiy sheriklari bilan aloqalarni izchil rivojlantirib borayotgan tinchliksevar va adolatli ijtimoiy davlat”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston maxsus xizmatlari rahbarlari Farg‘onada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda transchegaraviy tahdidlarga qarshi kurashni muhokama qildi. Shuningdek, qirg‘iz-tojik chegaralarini delimitatsiya qilish va o‘zbek-qirg‘iz chegaralarini demarkatsiyalash jarayonlarini tezlashtirishga kelishib olindi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Moldovaning yangi elchisi Valeriu Kiverdan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.
Shavkat Mirziyoyev Moskvada G‘alabaning 79 yilligiga bag‘ishlangan paradning faxriy mehmonlari qatorida bo‘ladi, deya xabar berdi Kreml. Paradda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Kuba, Laos va Gvineya-Bisau davlatlari rahbarlari ham ishtirok etadi.
AQSh elchisi Jonatan Henik O‘zbekiston fuqarolarining bog‘lar va toza havoni muhofaza qilishdagi sa’y-harakatlarini olqishladi. “Xalqlarimiz o‘z huquqlarini erkin himoya qilishi va siyosatni ishlab chiqishda ishtirok etishi mumkin bo‘lsa, mamlakatlarimiz kuchliroq, atrof-muhitimiz esa xavfsizroq bo‘ladi”, — dedi u.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Braziliya va Xitoyda yuz bergan suv toshqinlari munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi. 29-aprel kuni boshlangan yomg‘irlar sababli Braziliyada 29 kishi halok bo‘lgan, 60 kishi bedarak yo‘qolgan. Xitoyda esa yuz minglab aholi evakuatsiya qilingan.
Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi, Prezident administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarovning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Toshkentda mamlakat elchixonasining yangi binosi ochildi.
Sharqiy Afrikada joylashgan Jibuti O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan 149-davlat bo‘ldi. Bu haqdagi hujjat Nyu-Yorkda imzolandi.
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qirg‘izistonda qurilishi kutilayotgan Qambarota GES-1 loyihasini “O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega” deb atadi. U xalqaro moliya institutlarini ushbu loyihada ishtirok etishga chaqirdi.
Bungacha Marhamat tumani hokimi bo‘lib ishlagan Bobirbek Yuldashev Andijon tumaniga hokim bo‘ldi. Shu tariqa bir kun ichida Andijon viloyatidagi uchta tuman rahbari o‘zgardi.
Sardoba tumaniga hokimlik qilib kelgan Akmal Mirzayev Sirdaryo viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi. O‘tkirbek Ma’murov Andijonning Marhamat tumaniga, Furqatbek Bo‘taxonov esa Buloqboshi tumaniga hokim etib tayinlandi.
Qurbon Tursunov Ibragimovich Buxoro shahri hokimi lavozimiga tasdiqlandi. U bungacha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi issiqlik ta’minotini ekspluatatsiya qilish va rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlagan. Shaharning avvalgi hokimi sog‘ligi yomonlashgani sabab ishdan ketgani aytildi.
Ishonch yorliqlarini topshirish marosimidan so‘ng O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi Alisher Qayumov va prezident Tarman Shanmugaratnam ikki tomonlama munosabatlarni muhokama qildi. Toshkent investitsiya forumida Singapur parlamenti delegatsiyasi va mamlakatdagi 25 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etadi.
Sud Erondan qaytgan 27 yoshli namanganlik fuqaroni Facebook`da prezident Shavkat Mirziyoyevga nisbatan tuhmat va haqoratli izohlar yozgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalanish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting