Bo‘stonliq tumanida to‘rt nafar tadbirkor va Mirzo Ulug‘bek tuman hokimi yordamchisi 40 gektar yerni 3 mln dollarga sotishga uringanlikda gumon qilinmoqda. Ular 180 ming dollarni avans tariqasida olganida ushlangan. Gumondorlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Moskva London sanksiyalariga javoban Buyuk Britaniyaning 13 nafar amaldorlarini, shu jumladan, bosh vazir Boris Jonson, adliya vaziri Dominik Raab, tashqi ishlar vaziri Elizabet Trass, mudofaa vaziri Ben Uolles va xattoki sobiq bosh vazir Tereza Meyni ham Rossiyaga kirishini ta’qiqladi.
AIBA sobiq rahbari va tadbirkor G‘ofur Rahimov O‘zbekiston professional boks federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.
Prezident qarori bilan O‘zbekistonga dvigatel sig‘imi 3 litrdan ortiq bo‘lgan hamda gibrid avtomobillarni olib kirish arzonlashadi.
1-sentabrgacha Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida ixtisoslashtirilgan 19 ta maktab-internat va 141 ta maktab tashkil etiladi. Bolalar 2022/2023 o‘quv yilida maktablarning aniq fanlar yo‘nalishiga 5−11-sinflarga, tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha 7−11-sinflarga qabul qilinadi. Qolaversa, maktablarda sun’iy intellekt, robototexnika, nanotexnologiya, IELTS va TOEFL bo‘yicha qo‘shimcha kurslar o‘tiladi.
Qirg‘izistonlik haydovchi boshqaruvidagi suyultirilgan gaz ortilgan yuk mashinasi Qamchiq dovonida qatnov qismini ajratib turuvchi to‘siqqa urilib, ag‘darilib ketdi. Buning oqibatida haydovchi voqea joyida vafot etdi.
O‘zbekistonda maktabgacha ta’limni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Learning Passport «Bolalik Akademiyasi» raqamli platformasi ishga tushirildi. Platforma 3−6 yoshli bolalarning tarbiyachilari va ota-onalari o‘z bilim va ko‘nikmalarini oshirishiga imkon yaratadi. Uning doirasida 20 mingga yaqin pedagogni qamrab olish, 1,5 mlnga yaqin bolalarning o‘qish va rivojlanish natijalarini yaxshilash rejalashtirilmoqda.
Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari lavozimiga Dilshod Kenjayev, o‘rinbosari lavozimiga esa Alisher Ubbiyev tayinlandi.
Toshkent shahar majburiy davolash narkologiya shifoxonasi hodimlarini yer ag‘darish ishlariga majburiy jalb qilgani uchun shifoxona xo‘jalik ishlari mudiri jarimaga tortildi.
DXX Toshkent shahrida moliyaviy piramida tashkil qilganlikda gumonlangan «Realnaya investitsiya» jamiyati rahbarini hibsga oldi. U fuqarolardan 15 mingdan 200 ming dollargacha bo‘lgan pullarni olib, har oyda kamida 10% dan foyda berishiga ishontirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda 100 ga yaqin fuqarodan 2,5−3 mln dollar qarzi bor. Unga nisbatan 7 ta modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jabr ko‘rganlardan esa Toshkent shahar prokuraturasiga murojaat qilish so‘ralmoqda.
Prezident davlat organlariga joriy yil yakunigacha ortiqcha xarajat qilishni taqiqladi. 2022 yilda QQS bo‘yicha daromadlarni oshirib bajarilgan qismidan hududiy budjetlarga yo‘naltiriladigan mablag‘larning 40 foizi, hududlarning budjetdan tashqari jamg‘armalariga kelib tushgan mablag‘larning 15 foizi respublika budjetiga qaytariladi. Qolaversa, davlat tashkilotlariga avtomobil xarid qilish, bino va inshootlarni ta’mirlash ham taqiqlanmoqda.
«Arabyata» pastasi, vegetariancha, feta pishlog‘i va cherri pomidorli, tunets balig‘idan tayyorlangan, qaymoq va qo‘ziqorinli qaylada pishirilgan pasta — Zira.uz pasta retseptlari ro‘yxatini taqdim etadi.
May oyida Qirg‘izistonga tashrif buyuradigan prezident, Surxondaryoda noqonuniy kesib tashlangan 43 tup daraxt, noto‘g‘ri restavratsiya sababli tarixiy qiymatini yo‘qotgan Sitorai Mohi Xossa saroyi, Navoiyda deputatlik qilayotgan hokim o‘rinbosari, Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegaradosh hududida savdo-logistika markazi qurilishi va boshqalar — «Gazeta.uz» ning 15 apreldagi eng muhim xabarlari dayjestida.
O‘zbekistonda banklar o‘z mijozlariga pul mablag‘larining istalmagan tarzda bloklanmasligi uchun xorijiy hamkorlari bilan xalqaro hisob-kitoblarni sanksiyalar ostida qolgan Rossiya banklaridan boshqa banklarga o‘tkazishni tavsiya qilmoqda.
AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi O‘zbekistonning barcha hududlarida qishloq ayollarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni ishga joylashtirish yoki o‘z biznesini ochishda qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirdi. Dastur qariyb 1000 kishini qamrab oladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga javob tashrifi may oyi oxirlarida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzakov Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan uchrashuvda oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida Bishkek shahriga kelganini ma’lum qildi.
Angor tumanidagi 6-sonli bolalar bog‘chasi hududida 43 tup jumladan, mojjevelnik va tuya daraxtlari tag qismidan noqonuniy tarzda kesib tashlanganligi aniqlandi. Davlat ekologik nazorat inspektorlari holatni o‘rganmoqda.
Prezident 1 iyundan tadbirkorlar uchun soliq ma’murchiligi va tekshirishlar tizimi soddalashtirilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, aylanmasi 1 mlrd so‘mdan oshgan tadbirkorlarga QQS to‘lovchisi guvohnomasi avtomatik tarzda beriladi. Qolaversa, 22 ta turdagi tekshiruv faqat Biznes-ombudsman ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Dollarning so‘mga nisbatan rasmiy kursi 20,58 so‘mga arzonlab, Markaziy bank tomonidan 11 299,42 so‘m etib belgilandi. Yevro kursi ham pasaydi, rubl esa o‘sdi.
Adliya vazirligi O‘zbekiston futbol hakamlari markazini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Markaz mamlakat hududida futbol musobaqalarini boshqaruvchi hakamlar faoliyatini nazorat qilish va ularni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting