Prezident 2025-yilda NKMK, OKMK va “O‘zbektelekom"ning 5 foizgacha aksiyalarini xalqaro fond bozoriga joylashtirish to‘g‘risida topshiriq berdi. Shuningdek, 7 ta davlat kompaniyasi aksiyalarini xalqaro investorlarga sotish rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonda 1-maydan boshlab ish staji to‘liqsiz chog‘dagi yoshga doir pensiya va boquvchisini yo‘qotgan oilaning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz a’zosi uchun pensiya miqdori 4,3 foizga oshiriladi. Bu miqdor minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichi (kambag‘allik chegarasi) darajasiga yetkazildi.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov budjet taqchilligining inflyatsiyaga bevosita ta’sirini ta’kidladi, biroq regulyatorda bu ko‘rsatkichni pasaytirish vositalari yo‘qligini tan oldi.
Toshkent viloyatidagi Sirdaryo qirg‘og‘ida noqonuniy baliq ovlayotgan erkaklar ikki nafar ekologiya inspektoriga hujum qildi. Ular inspektorlarni suvga itarib, rezina qayiqlarini yoqib yuborgan va qochib ketgan.
Shavkat Mirziyoyev YTTB prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Davlat rahbari mazkur bank bilan hamkorlikda suv ta’minoti, energetika, yo‘l infratuzilmasi va “yashil” shaharlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.
3, 4, 5-may kunlari Samarqand−Toshkent−Samarqand yo‘nalishida “Afrosiyob” elektropoyezdining qo‘shimcha harakati yo‘lga qo‘yilmoqda.
O‘zbekistonda FAO va Yevropa Ittifoqi ko‘magida xavfli kimyoviy moddalarni boshqarishni ta’minlash loyihasi amalga oshirilmoqda. 4 mln yevrolik loyiha xavfli pestitsidlarni suv va tuproq tarkibidan ajratish, kimyoviy chiqindilarni tozalash, zararkunandalarga qarshi kurash va boshqalarni nazarda tutadi.
Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, UzAuto Motors kompaniyasining sof foydasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qariyb 5 baravar — 1,29 trillion so‘mgacha ko‘paydi.
Ekologiya vazirligi Chirchiq daryosidan qum-shag‘al qazib olinishi oqibatida tabiatga 83,3 mlrd so‘m zarar yetkazilganini aniqladi. Aybdorlarga chora ko‘rish maqsadida hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborildi.
Bandlik vazirligi O‘zbekistondagi 10 ta eng ko‘p ish beruvchi kompaniya ro‘yxatini e’lon qildi. Yuqori o‘rinni NKMK va OKMK egalladi.
AQSh Senati 2040-yil oxirigacha Rossiyadan boyitilgan uranni olib kirishni taqiqlashni ma’qulladi. Rossiya hozirda Amerika AESlarida yonilg‘i sifatida ishlatiladigan uranning deyarli to‘rtdan bir qismini yetkazib beradi.
Toshkentda Mutolaa loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi — bepul mobil ilova o‘zbek tilidagi 1000 dan ortiq kitoblarni o‘z ichiga olgan, ularning yarmidan ko‘pi audio versiyasiga ega. Matnlar professional dublyaj aktyorlari tomonidan o‘qilgan.
Samarqand shahrida Сobalt yo‘lning belgilanmagan qismidan o‘tayotgan 15 yoshli o‘quvchini urib yubordi. YTH oqibatida qiz shifoxonaga yotqizildi.
Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumani prokurori o‘rinbosariga nisbatan firibgarlik va pora moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U sud yurituvidagi ish yuzasidan aybdor shaxsga nisbatan jazoni yengillatib berish evaziga 2000 dollar olishda gumon qilinmoqda.
Hokkey bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi finalda Tailandni mag‘lub etib, U-18 Osiyo va Okeaniya kubogida ketma-ket ikkinchi bor chempionga aylandi.
O‘zbekistonda 3−6-may kunlari kuchli yomg‘irlar yog‘ishi hisobiga to‘qqizta viloyatning tog‘oldi va tog‘li hududlarda sel-suv toshqini hodisalari yuz berishi mumkin. Ayrim joylarda shamol kuchayib, chang-to‘zon ham kuzatiladi.
Yandex Go O‘zbekistonda elektromobillar, jumladan BYD, Dongfeng, Hongqi va boshqalarni o‘z ichiga olgan taksi tarifini ishga tushiradi. Kompaniya uning joriy etilishini mijozlarning elektromobillardan foydalanish bo‘yicha barqaror talabi bilan izohladi.
Bektemir-Chorbog‘ qo‘rg‘oni avtomobil yo‘lining 34−54 kilometrlari oralig‘ida 3-maygacha transport harakati cheklandi. Bo‘stonliq tumaniga tashrif buyuruvchilarga Chirchiq shahri orqali harakatlanish tavsiya etiladi.
Turkmanistonning issiqxona pomidorlari Tojikiston bozoridagi o‘zbek pomidorini butunlay chiqarib yubordi, deb yozmoqda EastFruit. Moldova va Tojikistonda pomidor narxi O‘zbekistondagiga qaraganda arzonroq, Polshada esa deyarli teng. Portal O‘zbekistonning issiqxona xo‘jaligidagi muammolariga ham to‘xtaldi.
Yangi Namangan tumanida 68 yoshli erkak ko‘chada o‘ynayotgan 7 yoshli qizni mashinasiga chiqarib, unga nisbatan uyatsiz harakatlar qilishda gumonlanmoqda. Bolalar ombudsmani erkakning ichki ishlar tizimiga aloqasi yo‘qligi, holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va tergov ketayotganini bildirdi.
Qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bulish uchun saytda ro‘yxatdan o‘ting